Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlariga e’tibor qaratilmoqda
Yangiliklar jo'natmasiga obuna bo'lish.
Obuna boʻlish
#284Dekabr 2024

Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlariga e’tibor qaratilmoqda

tarkibga qaytish

Janubi-Sharqiy Osiyo Rosatom uchun xalqaro hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Davlat korporatsiyasi Myanma, Vetnam va Indoneziyani o‘z imkoniyatlari bilan tanishtirmoqda va qo‘shma loyihalarni ishlab chiqmoqda. Bu yilgi voqealar haqida so‘z yuritamiz.

Indoneziya

Bu mamlakatda Rosatom texnologiyalari bilan faol tanishish jarayoni olib borilmoqda. Xususan, joriy yilning mart oyida davlat korporatsiyasi mutaxassislari kichik quvvatli atom elektr stansiyalarini qurishning zamonaviy texnologiyalariga bag‘ishlangan seminarda ishtirok etdilar. Tadbir Bandung texnologiya instituti va Indoneziya milliy tadqiqotlar va innovatsiyalar agentligi tomonidan tashkil etildi. Seminarda Indoneziya davlat organlari vakillari ishtirokchilarga mamlakatda atom energetikasini rivojlantirish bo‘yicha yangilangan rejalarni taqdim etishdi. Rosatom esa o‘z navbatida, kichik quvvatli atom elektr stansiyalarining referent texnologiyalari va o‘zining boshqa energetika yechimlari haqida ma’lumot berdi.

Sentyabr oyida Rosatom mutaxassislari Indoneziyada o‘tkazilgan Yadro fani va texnologiyalari yutuqlari bo‘yicha xalqaro anjumanda (ICANSE-2024) ishtirok etdilar hamda «Indoneziya yadro energetikasiga yo‘l olmoqda» mavzusida seminar tashkil qildilar. Xususan, 2060-yildan boshlab atom energetikasini Milliy energetika rejasiga kiritish masalasi muhokama qilindi.

«Rossiya 1954-yildan beri, Indoneziyaning birinchi prezidenti Sukarno tashabbusi bilan biz yadro davriga kirganimizdan buyon, Indoneziyaning juda yaxshi do‘sti bo‘lib kelmoqda. Birinchi atom elektr stansiyasi orzusini ro‘yobga chiqarish uchun 70 yil kutdik. 2060-yilgacha nolga teng chiqindilarga erishish maqsadlarimizga yetish uchun, energiyaga bo‘lgan ehtiyojimizni qondirish maqsadida atom energiyasini rivojlantirishdan boshqa yo‘l ko‘rmaymiz. Rosatom Indoneziyadagi birinchi AES loyihasini amalga oshirish uchun zarur texnologiyalar va ishlab chiqarish imkoniyatlariga ega,» – dedi Indoneziya BRIN tadqiqot va innovatsiyalar agentligi boshqaruv kengashi a’zosi hamda IBEKA jamg‘armasi rahbari Tri Mumpuni.

Joriy yil noyabr oyida Rosatomning Indoneziyadagi vakolatxonasi rahbari Anna Belokoneva Yadro fani, texnologiyalari va ularning qo‘llanilishi bo‘yicha har yili o‘tkaziladigan Xalqaro konferensiya (ICONSTA 2024) yig‘ilishida so‘zga chiqib, Rosatomning atom energetikasi yechimlarini taqdim etdi va AESning mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy va texnologik rivojlanishiga ta’siri to‘g‘risida gapirdi.

Noyabr oyida Anna Belokoneva Rosatomning energetika yechimlarini Indoneziyaning Janubi-Sharqiy Sulavesi provinsiyasi hukumati a’zolari va Indoneziya Milliy energetika kengashiga taqdim etdi. Uchrashuv ishtirokchilari viloyatda atom elektr stansiyasi qurilishi istiqbollarini muhokama qilishni davom ettirishga kelishib oldilar. U yerda yer qa’ridan foydalanish sohasidagi loyihalarni (xususan, nikel rudasini qazib olish va qayta ishlash) rivojlantirish uchun elektr energiyasining doimiy ta’minoti zarur.

O‘sha paytda, Rosatom vakillari Janubi-Sharqiy Osiyodagi eng yirik elektr energetika ko‘rgazmalaridan biri – Electricity Connect 2024 da ishtirok etdilar. Bu yerda davlat korporatsiyasi «Yadro texnologiyalarining eng yaxshi yetkazib beruvchisi» nominatsiyasi bo‘yicha mukofot bilan taqdirlandi.

Myanma

«Rosatom» ushbu mamlakatda bir qancha loyihalarni amalga oshirmoqda. Ularning eng yirigi – kichik quvvatli atom elektr stansiyasi qurilishi. Loyihaning huquqiy asosi 2023-yil fevral oyida Rossiya va Myanma o‘rtasida imzolangan atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimdir.

Shu yilning sentyabr oyida Rossiya energetika haftaligi doirasida «Rosatom» bosh direktori Aleksey Lixachyov Myanma Ittifoqi Respublikasi elektrlashtirish vaziri Nyan Tun bilan uchrashdi. Tomonlar kichik quvvatli atom elektr stansiyasi loyihasini amalga oshirishda erishilgan natijalarni ijobiy baholadilar.

Bundan tashqari, Rosatom Myanma bilan shamol energiyasi sohasida hamkorlik qilmoqda.

2023-yil iyun oyida Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida «Rosatom Qayta tiklanadigan energiya» (avvalgi nomi – «Novavind»), Myanma Elektrlashtirish vazirligi va Myanmaning «Zeya & Associates» kompaniyasi 200 MVt quvvatga ega bo‘lgan shamol elektr stansiyasi qurish loyihasi bo‘yicha o‘zaro kelishuv memorandumlarini imzoladi.

Shu yilning avgust oyida Myanma poytaxti Yangonda mamlakat miqyosidagi ikkinchi ilm-fan festivali o‘tkazildi. Atom texnologiyalari bilan yaqindan tanishish maqsadida, uch kun davomida myanmalik talabalar va maktab o‘quvchilari turli o‘yinlar va musobaqalarda qatnashdilar, Rosatomning tayanch oliy o‘quv yurti bo‘lmish MIFI yetakchi olimlarining ma’ruzalarini tinglashdi va myanmalik ekspertlar ishtirokida atom texnologiyalari bo‘yicha bahs-munozaralar o‘tkazildi.

Rosatom va Myanma kadrlar tayyorlash sohasida ham hamkorlik qilmoqda. Talabalar Myanmada bakalavriat bosqichida ta’lim olishadi, magistratura uchun esa Rossiyaga o‘qishga kirishadi. Tomonlar ta’lim intensivlari bo‘yicha kelishuvga erishdilar: har olti oyda bir marta rossiyalik o‘qituvchilar Myanmaga tashrif buyurib, ma’ruzalar o‘qiydilar va mutaxassislik fanlari bo‘yicha imtihonlar qabul qiladilar.

Vetnam

Ushbu mamlakatda Rosatom Yadro fani va texnologiyalari markazini (YATM) qurish rejasini tuzmoqda. 2024-yilda YATM ikki marta yuqori darajada muhokama etildi. Iyun oyida Aleksey Lixachev Rossiya prezidenti Vladimir Putinning davlat tashrifi doirasida Vetnamga tashrif buyurdi va Rossiya-Vetnam sammiti arafasida Vetnam bosh vaziri Fam Min Tin bilan uchrashdi. Uchrashuvda Rosatom rahbari Vetnam bosh vaziriga loyihaning rivojlanish dinamikasi va atom energetikasi sohasidagi hamkorlikni qayta yo‘lga qo‘yish istiqbollari haqida ma’lumot berdi. Shu kuni Aleksey Lixachev Vetnam fan va texnologiyalar vaziri Xyuin Txan Dat bilan ham uchrashuv o‘tkazib, u bilan YATM, ilmiy-texnikaviy hamkorlik va Vetnam atom sanoati uchun kadrlar tayyorlash masalalarini muhokama qildi. Ertasi kuni Vetnamda YATM loyihasini 2027-yilgacha amalga oshirish jadvali bo‘yicha hukumatlararo memorandum imzolandi.Xyuin Txan Dat bilan ikkinchi uchrashuv sentyabr oyida Rossiyada bo‘lib o‘tdi. Tomonlar YATM qurilishidagi jarayon, Dalat yadro tadqiqotlari institutini yadro yoqilg‘isi bilan ta’minlash, atom va unga aloqador mutaxassisliklar bo‘yicha vetnamlik kadrlarni tayyorlash hamda hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.