Birinchi AES: yangi konfigurasiya
tarkibga qaytish«Rosatom» va «O‘zatom» «Jahon atom haftaligi» xalqaro forumida atom sohasidagi hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risidagi hujjatlarni imzoladilar. Tomonlar O‘zbekistonda quriladigan AES loyihasining yangi konfiguratsiyasi bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
Loyiha tarkibiga har biri 1000 MVt quvvatga ega bo‘lgan 3+ avlod VVER-1000 reaktorli ikkita yirik energoblok hamda har biri 55 MVt quvvatga ega bo‘lgan RITM-200N reaktorli ikkita energoblok kiradi. Bundan tashqari, «Rosatom» va «O‘zatom» kichik va katta quvvatli AESlar uchun yoqilg‘i yetkazib berish bo‘yicha shartnomalarning asosiy shartlarini imzoladilar.
«O‘zbekistonning yuragida, Jizzax viloyatida, biz misli ko‘rilmagan energetika loyihasini amalga oshirmoqdamiz. Biz nafaqat mintaqadagi birinchi stansiyani barpo etmoqdamiz, balki kelajakning innovatsion yechimini yaratishda ham peshqadammiz. Loyihamiz – bu kichik modulli stansiyalarning ilg‘or texnologiyalari va yuqori quvvatli an’anaviy atom energetikasining sinab ko‘rilgan yechimlarini jasoratli tarzda uyg‘unlashtirgan ishdir,» – deb ta’kidladi «O‘zatom» direktori Azim Axmedxojayev.
Forumning yalpi majlisida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev mamlakatimiz atom sanoatini rivojlantirish borasida katta tajribaga ega ekanligini va yiliga 3,5 ming tonnadan ortiq uran qazib olayotganini eslatib o‘tdi. «Bu loyiha biz uchun nafaqat energetik mustaqillik sari qadam, balki Rossiya bilan strategik hamkorlik namunasi hamdir. Hamkorlarimiz uchun esa bu o‘z yechimlarining samaradorligini amalda yana bir bor namoyish etish va qo‘shma ishlab chiqarish, kadrlar tayyorlash hamda ilmiy tadqiqotlar uchun asos yaratish imkoniyatidir. Atom elektr stansiyasi O‘zbekistonning yangi sanoatlashuvi ramzi va mamlakatlarimizning kelgusi o‘n yilliklardagi strategik sherikligining mustahkam poydevori bo‘ladi,» deya ta’kidladi Jamshid Xo‘jayev.
Kichik quvvatli atom elektr stansiyalari
Kichik quvvatli atom stansiyalarining (KQAES) afzalliklari Jahon atom haftaligining asosiy mavzularidan biriga aylandi. «Rosatom» kompaniyasi ham Rossiyada, ham O‘zbekistonda kichik quvvatli loyihalarni amalga oshirmoqda.

«Atomstroyeksport» AJning «Yakutiya» kichik quvvatli atom elektr stansiyasini qurish loyihasi direktori Sergey Generalov KQAES mintaqalarga berayotgan imkoniyatlarni baholash qiyin ekanligini ta’kidladi. U shunday dedi: «Murakkab iqlim sharoitli, borish qiyin bo‘lgan hududlar hamda geografik jihatdan ajralgan hududlar ijtimoiy, sanoat va iqtisodiy rivojlanish uchun kuchli turtki oladi. Zamonaviy atom texnologiyalari KQAESning o‘nlab yillar davomida kafolatli ishlashini ta’minlaydi.»
«Atomstroyeksport» AJning O‘zbekiston Respublikasida AES qurish loyihasi bo‘yicha vitse-prezidenti va direktori Pavel Bezrukov shunday ta’kidladi: «Bu oddiy loyiha emas, balki o‘z samaradorligini isbotlagan texnologik yechimdir. RITM-200 reaktor qurilmasi yillar davomida atom muzyorar kemalarida muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Quruqlikdagi talablarga moslashtirilgan reaktor kelajakdagi ASMM energiya bloklari uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Joriy yil oxirigacha loyiha institutlarimiz O‘zbekistondagi KQAES loyihasini ishlab chiqishni yakunlaydi va biz 2026-yilda uning amalga oshirilishining asosiy bosqichiga kirishamiz.»
Shuningdek, forumda barcha ishtiyoqmandlar Rossiyaning kichik quvvatli atom elektr stansiyalari (KQAES) bo‘yicha asosiy loyihasi bilan virtual reallik formatida tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. «Rosatom» muhandislik bo‘limiga kiruvchi «Atomstroyeksport» AJ va «Atomenergoproyekt» AJ muhandislari tomonidan ishlab chiqilgan namoyish KQAESning asosiy texnologik yechimlarini, xavfsizlik tizimlarining o‘ziga xos xususiyatlarini va noyob joylashtirish usullarini ko‘rsatib beradi.
«Atomstroyeksport» AJning xalqaro biznesni rivojlantirish bo‘yicha bosh vitse-prezidenti Aleksandr Merten shunday dedi: «Biz hamkorlarimizga mahalliy sanoatni keng miqyosda jalb etish, kafolatlangan yoqilg‘i yetkazib berish, butun xizmat muddati davomida texnik xizmat ko‘rsatish va kadrlarni tayyorlashni o‘z ichiga olgan eng moslashuvchan va shaffof hamkorlik mexanizmlarini taklif etmoqdamiz. Bularning barchasi, eng yuqori xavfsizlik standartlari va raqobatbardosh narx taklifi bilan birgalikda, bizga xalqaro bozorda yetakchi o‘rinlarni egallash imkonini bermoqda.»

