Chegarasiz yadro tibbiyoti
tarkibga qaytishTibbiy izotoplar ishlab chiqarishda dunyo yetakchisi hisoblangan «Rosatom» yadro tibbiyoti sohasidagi o‘z imkoniyatlari va takliflarini kengaytirmoqda, shuningdek, bu sohada boshqa davlatlar bilan hamkorlikni ham kuchaytirmoqda. So‘nggi voqealar orasida «Bioprom-2025» va «Jahon atom haftaligi» xalqaro forumlarida ishtirok etish hamda hamkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazish bor.
Bioprom-2025
Oktabr oyi boshida Gelenjikda o‘tkazilgan «Bioprom-2025» forumida «Rosatom» «Radiofarmatsevtik dori vositalarining hayotiy davri davomidagi tartibga solish strategiyasi» mavzusida majlis uyushtirdi. Unda radiofarmatsevtika sohasidagi mutaxassislar yadro tibbiyotini huquqiy jihatdan tartibga solish, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish, klinikagacha va klinik sinovlarni o‘tkazish, yangi usul va texnologiyalarni qo‘llash hamda kadrlar tayyorlash masalalarini muhokama qildilar.
Muhokama moderatori, ilmiy-texnik hamkorlik yo‘nalishi rahbari va «Rosatom»ning istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha direktori Yekaterina Chaban ta’kidlaganidek, fuqarolar salomatligini asrash Rossiyaning ustuvor vazifalaridan biri bo‘lib, bunda yadro tibbiyotining ahamiyati tobora ortib bormoqda. «Rosatom» korxonalari onkologik va boshqa kasalliklarni aniqlash hamda davolash uchun radioizotop mahsulotlarining keng turlarini ishlab chiqarmoqda. Shuningdek, hali o‘rganilishi lozim bo‘lgan ko‘plab istiqbolli radioizotoplar ham mavjud,» – deya ta’kidladi Yekaterina Chaban.
Muhokama ishtirokchilari innovatsion RFLPlarni ro‘yxatdan o‘tkazishning Rossiya va xalqaro tajribasini ko‘rib chiqdilar. Xususan, Rossiya Federatsiyasi sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Sergey Glagolev innovatsion dori vositalarini tezkor joriy etish, ularni klinik tavsiyalarga va davlat kafolatlari dasturiga tez kiritish shartlari haqida so‘zladi. «AstraZeneca Pharmaceuticals» kompaniyasining Rossiya va Yevrosiyo vakolatxonasidagi dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limi direktori Yekaterina Yakovleva esa yetakchi xorijiy farmatsevtika kompaniyalari radiofarmatsevtikani kelajak bozori sifatida ko‘rayotganini va unga katta e’tibor qaratayotganini ta’kidladi.

Sessiya ishtirokchilari, shuningdek, radionuklid diagnostikasi va terapiyasi uchun zamonaviy usullar va preparatlarning mavjudligi, ular bilan ta’minlanganlik darajasi hamda xavfsizligi masalalarini muhokama qildilar.
Jahon atom haftaligi
Sentyabr oyida Moskvada o‘tkazilgan World Atomic Week xalqaro forumida turli mamlakatlar vakillari «Rosatom» bilan yadro tibbiyoti sohasidagi hamkorlik tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligining Yadro tibbiyoti markazini barpo etish loyihasi rahbari Baqtigul Sultong‘oziyeva ma’lum qilishicha, sovet davrida Onkologiya va radiologiya institutida yadro tibbiyoti bo‘limi mavjud bo‘lgan, biroq 1990-yilda u yopilgan ekan. O‘shandan buyon yadro texnologiyalari yordamida tadqiqotlar va davolash ishlari amalga oshirilmagan. Ammo mamlakat uchun bular juda zarur, chunki har yili Qirg‘izistonda 7 mingga yaqin yangi onkologik kasallik holati aniqlanadi va ularning qariyb yarmi bir yil ichida o‘lim bilan yakunlanadi. Vaziyat 2022-yilda o‘zgara boshladi: «Rosatom» va MAGATE ko‘magida Qirg‘izistonning Milliy onkologiya va gematologiya markazida yadro tibbiyoti bo‘limi ochilishiga tayyorgarlik ishlari boshlandi. «Rosatom» tashxis qo‘yish uchun zarur bo‘lgan to‘plamlarni bepul taqdim etdi.
Yadro tibbiyoti bo‘limi dastlabki bemorlarni 2024-yil iyun oyida qabul qilgan. O‘shandan buyon 400 dan ortiq bemor tekshiruvdan o‘tkazildi. Navbatdagi qadam – Bishkekda Yadro tibbiyoti markazini tashkil etishdir. «Bu to‘laqonli yirik markaz bo‘lib, uning tarkibiga siklotronli radiofarmatsevtika, GMP-radiofarmpreparatlar ishlab chiqarish, PET-skanerlar va gamma-kameralarda molekulyar tasvirlash, shuningdek, radioizotoplar va teranostika yordamida davolash kiradi. Biz bu borada ’Rosatom’ davlat korporatsiyasi bilan hamkorlikda ishlamoqdamiz,» – dedi Baqtigul Sultongaziyeva. Yordamni nafaqat onkologik, balki kardiologik, endokrin va boshqa kasalliklarga chalingan bemorlar ham olishadi. «Bu Qirg‘iziston xalqiga tibbiy yordam ko‘rsatishning oltin standartidir,» – deya ta’kidladi Baqtigul Sultongaziyeva.

Serbiya saraton kasalligiga qarshi kurash jamiyati raisi, neyroxirurg Danitsa Gruyichich Rossiya yadro tibbiyoti yutuqlaridan ta’sirlanganini bildirdi. «Bu ayniqsa neyroblastomalarga taalluqli, chunki siz aktiniy bilan ishlay boshladingiz,» – deb ta’kidladi Gruyichich. U Serbiyada diagnostika uchun yaxshi baza mavjudligini, biroq uni rivojlantirish zarurligi va davolash imkoniyatlari yetarli darajada rivojlanmaganligini qayd etdi. Hozircha barcha radiofarmpreparatlar Serbiyaga import qilinmoqda, ammo mamlakatda Rossiya bilan hamkorlikda Qirg‘izistondagidek yadro tibbiyoti markazlarini ochish imkoniyati o‘rganilmoqda. «Meni quvontiradigan narsa shuki, tobora ko‘proq yosh hamkasblarim yadro tibbiyotini o‘z mutaxassisligi sifatida tanlamoqda. Bu sohaga qiziqish ortib borayotganini ko‘rsatadi. Yadro tibbiyotining istiqboli porloq deb hisoblayman,» – deya yakunladi Danitsa Gruyichich.
Misr sog‘liqni saqlash boshqarmasi raisi Ahmad al-Sobkiy forum doirasida rossiyalik hamkasblari bilan yadro tibbiyoti sohasidagi infratuzilmani takomillashtirish masalasini muhokama qilganini ma’lum qildi. Ushbu masala nafaqat Misrga, balki Afrikaning boshqa mamlakatlariga ham taalluqli ekanligini ta’kidladi. Ahmad al-Sobkiy: «Muzokaralar juda samarali o‘tmoqda. Bu yo‘nalishda ’Rosatom’ bilan hamkorlik qilishga umid qilamiz,» – deb aytdi.
Ushbu misollar jahon tibbiyot hamjamiyatining «Rosatom» va Rossiyaning boshqa ixtisoslashgan tashkilotlari tomonidan yadro tibbiyoti sohasida erishilgan yutuqlarga bo‘lgan qiziqishini hamda shu yo‘nalishda xalqaro hamkorlikning kuchayib borayotganini ko‘rsatmoqda.

