BRIKS kvant forumiga xush kelibsiz
Yangiliklar jo'natmasiga obuna bo'lish.
Obuna boʻlish
#292Avgust 2025

BRIKS kvant forumiga xush kelibsiz

tarkibga qaytish

Kvant texnologiyalari bo‘yicha xalqaro forum 2026 yilda Rossiyada o‘tkaziladi. U BRIKSning fan, texnologiya va innovatsiyalar sohasidagi tadbirlar taqvimiga kiritilgan. Ilgariroq, shu yilning 6-7 iyul kunlari Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tgan BRIKSning XVII sammitida, hamkor davlatlar kvant texnologiyalarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlagandilar.

Taqvimdagi kvant forumi

Kvant texnologiyalari xalqaro forumi BRIKS mamlakatlari tadbirlari taqvimiga kiritildi.

«Rosatom» Rossiyaning kvant texnologiyalarini rivojlantirish ekotizimining asosiy ishtirokchilaridan biri bo‘lib, bu ekotizimga ilmiy-tadqiqot institutlari, universitetlar, sanoat korxonalari va startaplar kiradi. Rossiya hukumati bilan tuzilgan kelishuvga ko‘ra, 2020-yildan boshlab «Rosatom» kvant hisoblash yo‘nalishiga mas’ul bo‘lsa, 2026-yildan boshlab korporatsiyaning mas’uliyat doirasiga kvant sensorlarini rivojlantirish ham kiradi. «Rosatom»ning kvant loyihasi tegishli ilmiy tadqiqotlarni davom ettirishni, shuningdek, atom sanoati va boshqa sohalarda kvant innovatsiyalarini amaliy qo‘llashni rivojlantirishni nazarda tutadi. Loyihaning muhim tarkibiy qismi kvant ta’limini rivojlantirishdan iborat.

Shuningdek, «Rosatom» kvant yo‘nalishi bo‘yicha xalqaro hamkorlikni rivojlantirish tarafdori. «Rosatom»ning kvant texnologiyalari bo‘yicha direktori Yekaterina Solntseva shunday dedi: «Jiddiy salohiyatga ega ekanmiz, biz mamlakatlarning yuqori texnologiyalardan adolatli foydalanishini qo‘llab-quvvatlaymiz, chunki oxir-oqibat ilmiy-texnik taraqqiyotning maqsadi butun dunyo aholisining turmush sifatini yaxshilashdan iborat. Biz xalqlarning kelajak texnologiyalari sohasidagi hamkorlik intilishlarini va BRIKS kun tartibiga kvant texnologiyalarini kiritish tashabbusini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz.»

BRIKS mamlakatlari fan va ta’lim vazirlarining 13-uchrashuvi (sammit doirasida o‘tkazilgan) yakunlari bo‘yicha deklaratsiyada kvant texnologiyalari ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylangani ta’kidlangan: «Biz Braziliyaning zamonaviy texnologiyalar va milliy qayta sanoatlashtirish jarayonlarining tez sur’atlarda rivojlanayotgan sharoitida sun’iy intellekt, kvant texnologiyalari va sanoatdagi innovatsiyalarni 2025-yil uchun ustuvor yo‘nalishlar sifatida ko‘rib chiqish taklifini yuqori baholaymiz. Joriy yilda BRIKSning fan, texnologiya va innovatsiyalar sohasidagi turli muloqotlari va tashabbuslarida aynan shu mavzularga alohida e’tibor qaratildi.» Eslatib o‘tamiz, BMT 2025-yilni Xalqaro kvant fani va texnologiyalari yili deb e’lon qilgan.

Rossiyada kvant evolyutsiyasi

Rossiya kvant loyihasining faollashuvi 2020-yilda kvant texnologiyalari bo‘yicha bir qator yo‘l xaritalarining imzolanishi bilan boshlandi. «Rosatom» muvofiqlashtirgan «Kvant hisoblashlar» yo‘l xaritasi doirasida 2025-yil boshiga kelib to‘rtta ustuvor platformaning barchasida ishlaydigan kvant kompyuterlari yaratildi: ionlarda 50 kubitli, atomlarda 50 kubitli, fotonlarda 35 kubitli va o‘ta o‘tkazgichlarda 16 kubitli. Bundan tashqari, kvant optimallashtiruvi, kvant kimyosi, kvant modellashtirish, katta hajmli ma’lumotlarni qayta ishlash va boshqa sohalarning sinov hamda model masalalarini yechish uchun 34 ta kvant algoritmi ishlab chiqildi. Kvant kompyuterlariga kirishni ta’minlash bo‘yicha kelajakdagi xizmat sifatida mahalliy bulutli platforma yaratildi. 2030-yilgacha bo‘lgan kvant loyihasining asosiy e’tibori kvant texnologiyalarini sanoatning turli tarmoqlarida, eng avvalo atom sanoatida amaliy qo‘llashga qaratiladi.

Rossiyalik olimlar oldiga qo‘ygan maqsadlar orasida kvant registrlarini kengaytirish (kubitlar sonini oshirish) va amallar aniqligini yaxshilash bor. Shuningdek, kvant qurilmalarini kichraytirish ham rejalashtirilmoqda. Rossiyaning kvant hisoblash dasturi natijasida 2030-yilga kelib 300 kubitli Rossiya kvant protsessori yaratiladi. Eng muhimi, amaliy masalalarni yechishga o‘tish zarur.

Kvant hisoblashlardan optimallashtirish masalalarini yechish, yangi materiallar, jumladan dori-darmon moddalarini yaratish uchun foydalanish mo‘ljallangan. Shuningdek, shaxsiy tibbiyot texnologiyalari rivojlanadi, logistika operatsiyalari esa arzonroq va samaraliroq bo‘ladi.

Kvant texnologiyalari atom sanoatida ham qo‘llanilmoqda. IV avlod atom energetika tizimini yaratishga qaratilgan «Proriv» loyihasi doirasida kvant usullaridan ilhomlangan algoritmlar yordamida muhim bir vazifa hal etildi. Bu vazifa ishlab chiqarish quvvatlarini optimal yuklash va iste’molchilar o‘rtasida yadro yoqilg‘isini samarali taqsimlash maqsadida uzoq muddatli ishlab chiqarish rejasi hamda yadro yoqilg‘isini yetkazib berish jarayonini optimallashtirishdan iborat edi.

«Rosatom» kvant hisoblashlarini qo‘llashda ehtiyotkorlik bilan olg‘a siljimoqda. Bu logistika, mashinasozlik va yadro yoqilg‘isi bilan ishlash sohalarida ko‘zga tashlanmoqda. Ayniqsa, to‘rtinchi avlod AES loyihalarida bu noyob misol bo‘lib, bizning fikrimizcha, kvant texnologiyalarisiz bu ishni amalga oshirib bo‘lmaydi. Sanoat kvant kompyuteri paydo bo‘lganda amaliy faoliyatga tayyor bo‘lishimiz uchun hozirdanoq kvant hisoblashlari va algoritmlarini qo‘llagan holda sanoat muammolarini yechishni o‘rganishimiz lozim,» – dedi «Rosatom» bosh direktori Aleksey Lixachev 2025-yil iyun oyida Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi doirasida o‘tkazilgan «Kvant yutug‘i: ilm-fanga sarmoyadan biznes loyihalarigacha» mavzusidagi biznes-nonushtada so‘zlagan nutqida.