Atom hamkorligi: ta’lim va tajriba
tarkibga qaytish«Rosatom» O‘zbekiston bilan atom energetikasi sohasida hamkorlikni faol rivojlantirib, amaliy tajriba uzatish va yoshlarning intellektual rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashni uyg‘unlashtirmoqda. Ushbu hamkorlik doirasida o‘zbekistonlik mutaxassislar Novovoronej atom elektr stansiyasida AES ekspluatatsiyasi bo‘yicha ilg‘or Rossiya tajribasini o‘rganishdi. Shu bilan birga, maktab o‘quvchilari «Intellekt formulasi» va Global Atomic Quiz xalqaro musobaqalarida o‘z bilim va eruditsialarini namoyish etishdi.
«AES qurilish boshqarmasi» va «O‘zatom» agentligi (O‘zbekiston) vakillari energobloklar texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash ishlarini tashkil etish bilan tanishish maqsadida Rossiyaning Novovoronej AESiga tashrif buyurdilar. «Rosatom» texnika akademiyasining Novovoronejdagi filialida mehmanlarga atom stansiyasi xodimlari ta’lim oladigan trenajyorlar va ustaxonalar ko‘rsatildi. Tashrifning ikkinchi kunida mehmonlar VVER-1200 reaktoriga ega «3+» avlod energoblokining turbina sexi hamda markazlashtirilgan ta’mirlash sexining ustaxonalarini borib ko‘rdilar.
«Uskunalarga xizmat ko‘rsatish va ta’mirlashdan tashqari, xodimlarni qanday tayyorlayotganlari, ularni o‘qitishga qo‘yiladigan talablar haqida bilish biz uchun qiziqarli bo‘ldi. Biz atom stansiyasini qurish yo‘lining boshidamiz va xatolarga yo‘l qo‘ymaslik hamda kadrlar tayyorlashga samarali yondashuvni shakllantirishimiz uchun barcha nozik jihatlarni tushunishimiz muhim,» – deb ta’kidladi «O‘zatom» agentligi vakili Davron Isanbekov.
«Intellekt formulasi»
Shu paytda Toshkentda maktab o‘quvchilari o‘rtasida «Intellekt formulasi» xalqaro chempionatining yakunlari chiqarildi. Turnir 8-11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida «Nima? Qayerda? Qachon?» o‘yini qoidalari bo‘yicha o‘tkazildi va o‘z maydonida Rossiya, Belarus, Qozog‘iston va O‘zbekistondan 124 ta jamoani birlashtirdi. Tashkilotchi sifatida «Rosatom» va Atom texnologiyalari axborot markazi ko‘magida «Kelajak energiyasi» nodavlat notijorat tashkiloti faoliyat yuritdi.

Xalqaro finalda O‘zbekistonni Toshkentdan to‘rtta jamoa hamda Marg‘ilon va Namangan viloyatidan ishtirokchilar taqdim etdi. O‘tgan yilgidek, O‘zbekistonning eng yaxshi jamoasi «Iste’dodlar akademiyasi» bo‘ldi. U xalqaro reytingda yettinchi o‘rinni egallab, o‘tgan yilga nisbatan ko‘proq to‘g‘ri javob berdi.
«Iste’dodlar akademiyasi» jamoasi sardori Vladimir-Miroslav Aksenov turnirning maktab o‘quvchilarining shaxsiy rivojlanishidagi ahamiyatini ta’kidladi: «Intellekt formulasi», shubhasiz, O‘zbekiston hududida maktab o‘quvchilari orasida o‘tkaziladigan eng yirik xalqaro turnirdir. Agar boshqa mamlakatlardan kelgan bolalar bilan musobaqa qilish imkoniyati bo‘lsa, bu imkoniyatdan albatta foydalanish lozim. Biz uchun bunday loyihalarda ishtirok etish, avvalo, o‘z-o‘zimizni rivojlantirishdir. Intellektual o‘yinlar yangi bilimlarni o‘zlashtirishga, keng fikrlashga, bir-birimiz bilan muloqot qilishga undaydi. Vaqt o‘tishi bilan biz shunchaki jamoa emas, balki chin do‘stlarga aylandik.»
O‘zbekiston jamoalari 2022-yildan boshlab «Intellekt formulasi» xalqaro chempionatida ishtirok etib kelmoqda.
Turnir Markaziy Osiyodagi fan, mantiq va intellektual o‘yinlarga qiziquvchi maktab o‘quvchilarini birlashtiruvchi eng yirik platformalardan biriga aylandi.
Bu yilgi turnir tashkilotchilari o‘tgan mavsumlarga nisbatan maktab jamoalarining ishtiroki sezilarli darajada oshganini ta’kidladilar.
Global Atomic Quiz 2025
«Rosatom» oltinchi marta o‘tkazilgan Global Atomic Quiz xalqaro viktorinasida 106 mamlakatdan 46 ming nafar ishtirokchi qatnashdi. Tadbir formati onlayn faoliyatlar va xalqaro maydonlardagi yuzma-yuz uchrashuvlarni o‘z ichiga oldi. Bu tadbirlar atom texnologiyalari bo‘yicha axborot markazlaridan tortib turli mamlakatlarning maktablari va universitetlarigacha bo‘lgan joylarda tashkil etildi.
O‘zbekistonda Global Atomic Quiz mamlakatning birinchi atom elektr stansiyasi qurilishi rejalashtirilgan Forish tumanidagi Bog‘don qishlog‘ida jonli formatda o‘tkazildi. Maydonga 25 nafar o‘qituvchi va 70 nafar mahalliy maktab o‘quvchilari yig‘ildi. Viktorina boshlanishidan oldin «O‘zatom» vakili so‘zga chiqib, kelajakdagi AES loyihasi, uni amalga oshirish bosqichlari va mintaqa uchun ahamiyati haqida ma’lumot berdi.
Taqdimotdan so‘ng ishtirokchilar o‘zbek tilida o‘tkazilgan viktorinada qatnashib, atom energetikasi, barqaror rivojlanish va zamonaviy texnologiyalar haqidagi savollarga faol javob berishdi. Tadbir maktab o‘quvchilari va o‘qituvchilarning fan hamda atom energetikasiga bo‘lgan katta qiziqishini namoyon etdi.

