Atom o‘z mavqeini mustahkamlamoqda
tarkibga qaytish2024-yilda jahon atom sanoati rivojlanishini shakllantirgan asosiy yo‘nalishlar noyabr oyi oxirida Ozarbayjonda bo‘lib o‘tgan SOR-29 anjumanida yaqqol ko‘zga tashlandi. Atomga qiziqish tobora ortib bormoqda: yangi atom inshootlari qurilishi e’lon qilinmoqda, atom loyihalarini moliyalashtirish bo‘yicha yechimlar topilmoqda. Jahon atom sanoatining siyosiy bo‘linishi davom etmoqda. Shu bilan birga, Rossiya tashabbusi bilan integratsiya uchun yangi imkoniyatlar yaratilmoqda.
Yangi qiziqishlar
«Yashil» energiyaga o‘tish uchun atom energetikasining roli mustahkamlanmoqda. Bu tendensiya haqida SOR-29 da Rosatom bosh direktorining birinchi o‘rinbosari – rivojlanish va xalqaro biznes bloki rahbari Kirill Komarov shunday fikr bildirdi: «Rosatom dunyoning ko‘plab hududlarida atom texnologiyalariga bo‘lgan ehtiyojni ko‘rmoqda. Tobora ko‘proq mamlakatlar o‘zlarida atom energiyasi ishlab chiqarishni joriy etishga yoki uning energiya balansidagi ulushini kengaytirishga intilmoqda. Atom energiyasi ishlab chiqarish hajmini oshirish katta va kichik quvvatli AESlar uchun zarur bo‘lgan asosiy jihozlar hajmini ta’minlash maqsadida ishlab chiqarish bazasini tegishli tarzda rivojlantirish, kadrlarni tayyorlash, shuningdek, moliya sektorini qo‘llab-quvvatlash bilan birgalikda olib borilishi lozim. Bularning barchasi davlatlar va biznesning birgalikdagi sa’y-harakatlarini talab etadi.» Kirill Komarov, shuningdek, butun dunyo bo‘ylab AESlar nafaqat past uglerodli energiya ta’minotini, balki energiya xavfsizligini ham ta’minlashini, o‘nlab yillar davomida bashorat qilingan kilovatt-soat narxiga ega bo‘lgan ishonchli elektr energiyasi manbai ekanligini ta’kidladi.
Atom energiyasiga bo‘lgan qiziqishning o‘sishi forum davomida bevosita tasdiqlandi. Olti mamlakat – Qozog‘iston, Keniya, Kosovo, Salvador, Nigeriya va Turkiya 2050-yilgacha global atom quvvatlarini uch baravarga ko‘paytirishni qo‘llab-quvvatlab, 25 davlat vazirlari deklaratsiyasiga qo‘shildi. Bu maqsad bir yil avval Dubayda o‘tkazilgan COP-28 anjumanida e’lon qilingan edi. Deklaratsiyani imzolagan davlatlar quyidagini tan olishadi: «OECD qoshidagi Yadro energetikasi agentligi va Jahon yadro assotsiatsiyasining tahliliy tadqiqotlarida ta’kidlanishicha, 2050-yilgacha dunyo miqyosida uglerod neytralligiga erishish uchun o‘rnatilgan yadro energetikasi quvvatlari uch baravarga oshirilishi lozim.» Shuningdek, Xalqaro energetika agentligining tadqiqoti shuni ko‘rsatadiki, 2050-yilgacha sof nolga teng emissiyaga erishishning turli ssenariylarida 2020-2050-yillar oralig‘ida yadro energetikasi quvvatlari ikki baravardan ko‘proq oshadi va atom energiyasi ishlab chiqarishining qisqarishi uglerod neytralligiga erishishni yanada murakkablashtiradi hamda qimmatlashtirib yuboradi.
Ta’kidlash joizki, Turkiya hozirda atom qudratini uch baravar oshirishga hissa qo‘shmoqda. Rosatom bu mamlakatda umumiy elektr quvvati 4800 MVt bo‘lgan to‘rt blokli AES quryapti. Stansiyaning har bir blogida VVER-1200 reaktorini o‘rnatish rejalashtirilgan.
Qozog‘iston uchun bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlash ham quruq gap emas. Shu yilning oktyabr oyida o‘tkazilgan referendumda qozog‘istonliklar mamlakatda AES qurilishiga rozilik bildirdilar. Hukumat barcha yetkazib beruvchilarning takliflarini o‘rganadigan maxsus komissiya tuzdi. Qozog‘iston atom sanoati bilan uzoq vaqtdan beri samarali hamkorlik qilib kelayotgan Rossiya yangi AES qurilishi uchun o‘zining atom texnologiyalari, xizmat ko‘rsatish va ta’lim sohasidagi yordamini taklif etishga tayyorligini bir necha bor tasdiqlagan.
Moliyalashtirish bo‘yicha takliflar
Atom loyihalarini moliyalashtirish soha uchun murakkab masala hisoblanadi. Fukusimadagi halokat sodir bo‘lganidan keyin, atom energetikasi uzoq vaqt davomida investitsiya doiralarida hech qanday qo‘llab-quvvatlashga erishmadi. Vaziyat faqat yaqinda o‘zgara boshladi, bu yil esa yo‘nalish aniq namoyon bo‘ldi. Xususan, COP-29 doirasida MAGATE bosh direktori Rafael Grossi Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) prezidenti Odilya Reno-Basso bilan o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi. Rafael Grossi shunday dedi: «YeTTB kabi moliya institutlari bilan hamkorlik past uglerodli kelajak uchun zarur bo‘lgan sarmoyalarni jalb etish va yadro energiyasining noyob imtiyozlari hamma uchun ochiq, xavfsiz va barqaror bo‘lishini ta’minlash uchun zarur.»
Ilgariroq, sentyabr oyida, Nyu-Yorkdagi Iqlim haftaligida 14 ta moliyaviy tashkilot ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqarishni jadallashtirish maqsadida yadroviy energiya ishlab chiqarishni ko‘paytirish va umuman yadro sanoatini kengaytirish bo‘yicha uzoq muddatli maqsadlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan edi.
Bundan tashqari, bu yil atom sanoati uchun shunisi bilan ahamiyatli bo‘ldiki, tarixda birinchi marta IT gigantlari unga investitsion qiziqish bildirdi. Jumladan, Google AQShning Kairos Power kompaniyasi bilan umumiy quvvati 500 MVt bo‘lgan energobloklar majmuasini joylashtirish nazarda tutilgan elektr energiyasini xarid qilish to‘g‘risida shartnoma imzoladi (shartnomaning moliyaviy shartlari oshkor qilinmadi). Amazon esa X-energy kompaniyasi uchun 500 million dollarlik moliyalashtirish bosqichida yetakchilik qildi. Microsoft kompaniyasi Constellation energiya kompaniyasi bilan Tri-Mayl-Aylend AESdan 20 yil davomida elektr energiyasini sotib olish bo‘yicha kelishuv tuzdi. Biroq, uni qayta ishga tushirish kerak va buning uchun, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, taxminan 1,6 milliard dollar va nazorat organlarining ruxsati talab etiladi.
Biroq, Rafael Grossining YETTB bilan shartnoma imzolaganidan so‘ng ijtimoiy tarmoqlardagi yozuviga ko‘ra, moliyaviy doiralar tomonidan atom sanoatini qo‘llab-quvvatlash hali ham kutilgan darajada emas: «Moliya tashkilotlari bozor talablariga moslashishi va hamnafas bo‘lishi kerak, atom energiyasiga bo‘lgan talab esa yaqqol ko‘rinib turibdi. Kam uglerodli energiya texnologiyalarini moliyalashtirishga bag‘ishlangan COP-29 anjumani tadbirlarida men 2050-yilga kelib jahon atom quvvatlarini uch barobar oshirish uchun sarmoyani safarbar etish nihoyatda zarurligini ta’kidladim.»
Yevropadagi faollik
Bir necha yil avval Yevropaning ko‘plab mamlakatlari atom energiyasi ishlab chiqarishga sovuqqonlik bilan qaragan bo‘lsa-da, hozirda vaziyat o‘zgarmoqda: moliyaviy qo‘llab-quvvatlanadigan aniq loyihalar amalga oshirilmoqda. Yevropa yuqorida qayd etilgan ikki tendensiyani ro‘yobga chiqarishning yorqin misollaridan biridir. Xususan, SOR-29 da EnergoNuclear (Ruminiyaning Nuclearelectrica energetika kompaniyasining sho‘ba korxonasi) Amerika, Kanada va Italiya kompaniyalari bilan «Chernovodye» AESning CANDU reaktorlari bilan jihozlangan No3 va No4 bloklarini qurish bo‘yicha EPCM-shartnomasini imzoladi. Loyihani amalga oshirish uchun mablag‘ topildi: AQSH, Kanada va Italiya umumiy qiymati 7 milliard dollardan ortiq eksport moliyalashtirishni taklif etdi.
Polsha, shuningdek, mamlakatdagi birinchi atom elektr stansiyasining qurilishiga moliyaviy yordam berish tasdig‘ini oldi. AR1000 reaktorli uch blokli AESning Polsha shimolida (Boltiq dengizi sohilida) qurilishi rejalashtirilmoqda. AQSH Eksimbanki 17 milliard dollar ajratishga qiziqish bildirgan bo‘lsa, Polsha hukumati taxminan 15,7 milliard dollar ajratishni va’da qildi. Amerika Xalqaro Rivojlanishni Moliyalashtirish Korporatsiyasi (DFC) esa 970 million dollardan ortiq miqdorda manfaatdorlik xatini imzoladi.To‘g‘ri, Amerika banklari bilan kelishuvlar hozircha dastlabki bosqichda, mablag‘ esa stansiya qurilishi uchun yetarli emas. Hisob-kitoblarga ko‘ra, u 40 milliard dollarga tushadi.Yevropada AES qurilishi bo‘yicha eng ilg‘or loyiha Vengriyadagi «Paksh-2» hisoblanadi. Uni Rosatom olib bormoqda. VVER-1200 reaktorli ikki blokli AES quriladi. Maydonchada poydevorni quyishdan oldin juda katta hajmdagi ishlar amalga oshirildi: yer osti suvlarining kirishiga to‘sqinlik qiluvchi filtratsiyaga qarshi to‘siq o‘rnatildi, tuproq zichlashtirilmoqda, kotlovan yaratilmoqda, yordamchi binolar qurilmoqda va boshqa ishlar olib borilmoqda. Birinchi beton 2025-yilning birinchi choragida quyilishi kutilmoqda.
Ilg‘or reaktorlar maydoni
Atom hamjamiyatini ajratishga urinishlar davom etmoqda. AQSH va Buyuk Britaniya 2025-yil fevralida oldingi kelishuvning amal qilish muddati tugagandan so‘ng «IV avlod» (GIF IV) forumi ishini davom ettirishga imkon beradigan asosiy bitimni imzoladilar. Bayonotda shuningdek ta’kidlanishicha, «Rossiya forum doirasida yadro tadqiqotlari va ishlanmalari sohasidagi kelgusi hamkorlikdan chetlashtiriladi.»
AQSH va ayniqsa GIF IV doirasida «yetakchi rol»ni o‘z zimmasiga olmoqchi bo‘lgan Buyuk Britaniyaning chinakam ilg‘or reaktor texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy etishdagi sust sur’atlarini hisobga olsak, ushbu kelishuv faqatgina noqulaylik tuyg‘usini uyg‘otishi mumkin. Misol uchun, Buyuk Britaniyada hozirda fransuz EDF kompaniyasi tomonidan qurilayotgan ikkita blok mavjud, biroq mamlakatning o‘zida yuqori quvvatli reaktorlar uchun zamonaviy texnologiyalar yo‘q. AQSHda esa Vogtl AESidagi uzoq yillar davomida qurilgan 3- va 4-bloklarning qurilishi nihoyasiga yetgandan so‘ng, birorta ham yangi AES qurilmayapti.
Jahon atom sanoati uchun Rosatomning «IV avlod» atamasini qanday talqin qilishi prinsipial ahamiyatga ega. Bu haqda joriy yilning aprel oyida Rossiyaning Sochi shahrida o‘tkazilgan «Atomekspo» forumida qizg‘in bahs-munozaralar bo‘lib o‘tdi. O‘shanda Rosatom bosh direktorining yangi atom energetikasi mahsulotlarini rivojlantirish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Aleksandr Lokshin IV avlodga reaktorlarni emas, balki zamonaviy atom energetikasining ikkita asosiy muammosini hal qiladigan tizimlarni kiritish lozimligini ta’kidladi. Bu muammolar – chiqindilarni minimallashtirish va tabiiy uranning energiya salohiyatidan foydalanishni maksimallashtirish. Aynan shu mantiqqa asoslanib, BREST-OD-300 reaktori hamda yoqilg‘ini qayta ishlash, ishlab chiqarish va qayta ishlab chiqarish modullari bilan jihozlangan tajriba-namoyish energiya majmuasi qurilmoqda.
Asosiy masala: Rosatom atom energetikasi bo‘yicha yangi platforma yaratish tashabbusini ilgari surdi. Oktyabr oyida Moskvada BRIKS davlatlari a’zolarining yirik ixtisoslashgan kompaniya va tashkilotlari rahbarlarining ilk uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. «Biz BRIKS atom platformasi doirasida kuch-g‘ayratlarni birlashtirish taklifini kiritmoqdamiz. Bu platforma kompaniyalarning ixtiyoriy ittifoqi bo‘lib, yadro texnologiyalarini rivojlantirish va joriy etishni qo‘llab-quvvatlovchi professional atom hamjamiyatlari va nodavlat notijorat tashkilotlari,» – deya yangi birlashma mohiyatini tushuntirdi Rosatom bosh direktori Aleksey Lixachev uchrashuvda. Yangi platformaning asosiy maqsadi BRIKS va BRIKS+ bozorlarida yadro texnologiyalarini tinchlik maqsadlarida energetik va noenergetik sohalarda qo‘llashning eng yaxshi amaliyotlari va ilg‘or yondashuvlarini rivojlantirish hamda joriy etish, shuningdek, atom loyihalarini rag‘batlantiruvchi mexanizmlar va modellarni ishlab chiqishdan iborat.
«BRIKS va BRIKS+ mamlakatlari uchun yangi uyushma doirasidagi hamkorlik samarali bo‘lishiga ishonchim komil,» – deya Braziliya Yadro sanoatini rivojlantirish uyushmasi (ABDAN) kuzatuv kengashi raisining o‘rinbosari Orpet Peyshotu tashabbusni qo‘llab-quvvatladi.
Bundan tashqari, «yashil» ta’lim texnologiyalariga bag‘ishlangan COP-29 yoshlar yig‘ilishi sessiyasida Rosatom bosh direktorining kadrlar bo‘yicha o‘rinbosari Tatyana Terenteva xalqaro ustoz-shogirdlik va hamkorlik platformasini taqdim etdi. «Bu platforma yoshlarga bilim, orzu va fikrlarini almashish, hamfikrlar bilan uchrashish va hatto kelgusi avlodlarga nisbatan yetakchilik rolini o‘z zimmasiga olish imkonini beradigan makon bo‘ladi. Yosh yetakchilar – ertangi kun energetika manzarasining poydevori bo‘lib, ularning g‘ayrati eng murakkab vazifalarni hal qilishga qodir,» – dedi Tatyana Terenteva va sessiya ishtirokchilarini 2025-yilda Rossiya atom sanoatining 80 yilligiga bag‘ishlanadigan Butunjahon atom haftaligiga taklif etdi.