O‘zbekiston MBIR ga qo‘shildi
Yangiliklar jo'natmasiga obuna bo'lish.
Obuna boʻlish
#292Avgust 2025

O‘zbekiston MBIR ga qo‘shildi

tarkibga qaytish

Rossiya va O‘zbekiston xalqaro ilmiy tadqiqotlar sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim imzoladi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi instituti to‘rtinchi avlod ko‘p maqsadli tadqiqot reaktori MBIR asosidagi konsorsiumga a’zo bo‘ldi.

MBIR sayyoramizda qurilayotgan eng yirik tadqiqot reaktoridir. U Rossiyaning Dimitrovgrad shahrida joylashgan Atom reaktorlari ilmiy-tadqiqot instituti («Rosatom» ilmiy bo‘linmasiga qarashli «GNS NIIAR» AJ) hududida barpo etilmoqda.

Reaktor negizidagi Xalqaro tadqiqotlar markazi (XTM) amaliy va fundamental izlanishlar uchun global ilmiy platformaga aylanishi ko‘zda tutilgan. Hozirgi kunda unga 20 dan ortiq xorijiy davlat va tashkilotlar jalb qilingan. XTM shartnomaviy konsorsium shaklida faoliyat yuritadi. Uning bosh ilmiy organi – maslahat kengashi butun dunyo olimlarini o‘z safida birlashtirgan. Kengash a’zolari tadqiqot dasturining asosiy yo‘nalishlarini belgilaydi, muvofiqlashtiradi va loyihalarning bajarilishini nazorat qiladi.

Konsorsiumga qo‘shilish orqali O‘zbekistonlik mutaxassislar tadqiqot platformasidan foydalanish va MBIRda tajriba dasturini ishlab chiqishda faol ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

«O‘zbekiston Yadro fizikasi institutining konsorsiumga qo‘shilishi ham Rossiya, ham O‘zbekiston fanini yangi imkoniyatlar bilan boyitadi. Bu, avvalo, ekstremal sharoitlarda zarralarning xatti-harakati va o‘zaro ta’sirining nazariy modellarini tajribada tasdiqlash, fundamental kuchlar va simmetriyalar tabiati haqidagi farazlarni tekshirish, shuningdek, moddaning yangi holatlari va g‘ayrioddiy hodisalarni izlash sohasidagi fundamental tadqiqotlardir,» deya ta’kidladi «Rosatom» davlat korporatsiyasi tarkibiga kiruvchi «MTSI MBIR Konsorsiumi Yetakchisi» MChJ bosh direktori Vasiliy Konstantinov.

«Biz MBIR bazasidagi noyob konsorsiumning bir qismi bo‘lish imkoniyatidan faxrlanamiz. IV avlod reaktori olimlarimiz uchun eng muhim vosita bo‘lib, ilg‘or tadqiqotlar o‘tkazish va kelajakning ilmiy yo‘nalishlarini rivojlantirish imkonini beradi,» deya ta’kidladi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti direktori Ilhom Sodiqov.

MBIRning xususiyatlari va imkoniyatlari

MBIRning issiqlik quvvati 150 MVt, elektr quvvati esa 55 MVtni tashkil etadi. Bu tadqiqot reaktorlari uchun juda yuqori ko‘rsatkichlardir. Rekord quvvatdan tashqari, MBIR boshqa noyob xususiyatlarga ham ega. Masalan, neytronlar oqimining o‘ta yuqori zichligi materiallarning xususiyatlarini nisbatan qisqa vaqt ichida o‘rganish imkonini beradi. Boshqa yadroviy qurilmalarda esa metallarni shunday darajadagi radiatsiya ta’siriga uchrashi uchun o‘n yillab vaqt talab etiladi.

MBIRning yana bir o‘ziga xos xususiyati – turli xil issiqlik tashuvchilar (natriy, qo‘rg‘oshin, qo‘rg‘oshin-vismut, gaz va boshqalar) bilan bir nechta mustaqil halqali qurilmalarni joylashtirish imkoniyatidir. Bu esa turli xil issiqlik tashuvchili reaktorlarning ish rejimlarini bir vaqtning o‘zida modellashtirish, shuningdek, IV avlod reaktor konsepsiyalarini asoslash maqsadida konstruksion va yoqilg‘i materiallarini tadqiq qilish imkonini beradi.

MBIRda issiqlik uzatishning uch konturli sxemasi qo‘llaniladi: birinchi va ikkinchi konturlarning issiqlik tashuvchisi – natriy, uchinchisi – suv. Reaktor bug‘-turbina qurilmasi, transport-texnologik tizimlar, halqali qurilmalar, vertikal va gorizontal eksperimental kanallar, tadqiqot himoya kameralari majmuasi va laboratoriya majmuasi bilan jihozlanadi.

MBIRda yoqilg‘i sifatida MOKS (inglizcha mixed-oxide fuel) ishlatiladi. Bu ishlatilgan yadro yoqilg‘isidan ajratib olingan plutoniy oksidlari va uranni boyitishning qo‘shimcha mahsuloti hisoblangan kambag‘allashgan uran oksidlari aralashmasidir.

MBIR tadqiqotlari 60 MVt quvvatga ega bo‘lgan tezkor BOR-60 reaktori o‘rnini egallaydi. Bu qurilma 1969-yilda ishga tushirilgan bo‘lib, hozirgi kungacha ham Rossiya va xorijiy kompaniyalar orasida keng talabga ega bo‘lib kelmoqda. Ushbu reaktorning ishlash muddati federal loyiha doirasidagi katta hajmdagi ishlar natijasida 2028-yil oxirigacha muvaffaqiyatli uzaytirildi.

MBIRda reaktor va reaktordan keyingi materialshunoslik tadqiqotlari hamda radioizotoplar va o‘zgartirilgan materiallar ishlab chiqarishning yangi texnologiyalarini ishlab chiqish davom ettiriladi. Eng muhimi, MBIRda ikki komponentli yadro energetikasi texnologiyalari va yoqilg‘i siklini yopish jarayonini o‘rganish kengaytiriladi. Shuningdek, bu yerda to‘rtinchi avlod xavfsiz yadro energetika qurilmalarini yaratish uchun ilmiy asoslar ishlab chiqiladi.

2021-yilda 2028-2040-yillarga mo‘ljallangan MBIR qurilmasida o‘tkaziladigan istiqbolli tajribaviy tadqiqotlarning milliy dasturi tasdiqlandi. An’anaviy sohalardan tashqari, MBIRdan energetikaga aloqador bo‘lmagan maqsadlarda foydalanish imkoniyati ham rejalashtirilgan, jumladan tibbiy-biologik tadqiqotlar o‘tkazish uchun. Unda bor-neytron qamrash terapiyasini qo‘llash orqali bir qator onkologik kasalliklarni davolash, shuningdek, keyinchalik elektronikada qo‘llash maqsadida kremniyni neytronlar yordamida legirlash imkoniyati mavjud bo‘ladi.