Ta’lim – atom energetikasining nuri
Yangiliklar jo'natmasiga obuna bo'lish.
Obuna boʻlish
#292Avgust 2025

Ta’lim – atom energetikasining nuri

tarkibga qaytish

«Rosatom» turli mamlakatlardan kelgan mutaxassislarni o‘qitmoqda, ular kelajakda atom sohasida faoliyat yuritishadi. 2019-yildan 2024-yilgacha faqatgina «Rosatom» Texnika akademiyasi (TAR) tomonidan Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan xalqaro dasturlar doirasida 60 dan ortiq mamlakatdan 1900 dan ziyod kishi ta’lim olgan. TAR o‘z kurslarini ham tashkil etadi. Batafsil ma’lumotlarni «Rosatom» Texnika akademiyasi prorektori Mariya Xaletskaya bayon qildi.

— TARning MAGATE bilan hamkorligi haqida gapirib bersangiz.

— TAR 2011-yildan beri MAGATE bilan faol hamkorlik qilib kelmoqda. O‘sha yili tomonlar yadro infratuzilmasi bo‘yicha o‘quv tadbirlarini o‘tkazishni boshlagan edi. 2018-yilda TAR, MAGATE va «Rosatom»ning favqulodda-texnik markazi yadro xavfsizligi, radiatsiyadan himoyalanish va favqulodda vaziyatlarda harakat qilish bo‘yicha malakalarni oshirish maqsadida amaliy hamkorlik kelishuvini imzoladi. Kelishuv doirasida TAR negizida qo‘shma Malakalarni rivojlantirish markazi tashkil etildi.

2019-yilda TAR butun dunyodagi atom sanoati vakillarini uchta soha bo‘yicha o‘qitadigan MAGATE’ning birinchi va hamon yagona Hamkorlik markazi (Markaz) bo‘ldi: yadro energiyasi, jismoniy yadro xavfsizligi va noenergetik qo‘llanishlar. 2024-yil oktyabr oyida TAR Markaz maqomini uzaytirdi va MAGATE bilan hamkorligini kengaytirdi.

TAR har yili MAGATE bilan hamkorlikda yadro energiyasi sohasida menejment va bilimlarni boshqarish bo‘yicha maktablar o‘tkazadi. Bundan tashqari, TAR yadro infratuzilmasini rivojlantirishni o‘rganadigan INT2024 loyihasi va kichik quvvatli texnologiyalarni rivojlantirishga bag‘ishlangan INT2023 loyihasi doirasida o‘quv tadbirlarini amalga oshiradi.

Tinglovchilar qaysi mamlakatlardan keladi?

– Butun dunyodan. Tinglovchilarning aksariyati Osiyo, Afrika va Yaqin Sharq mamlakatlaridan. 2024-yilda o‘quv dasturiga ilk bor Kuba va Quvayt, 2025-yilda esa Myanma qo‘shildi. Myanimada Rossiya loyihasi asosida to‘rtta kichik quvvatli blok qurilishi rejalashtirilmoqda. Tinglovchilarning eng katta oqimi «Rosatom» yirik atom elektr stansiyalarini qurayotgan mamlakatlardan: Misr, Turkiya, Bangladesh va Belarusiyadan kelmoqda.

– Iltimos, o‘quv tadbirlari haqida batafsil ma’lumot bering.

– Ular to‘rt turga bo‘linadi. Birinchisi – yadro sohasi, boshqaruv tizimlari, kadrlar va infratuzilmani rivojlantirish yondashuvlari haqida umumiy tasavvurni shakllantiradigan maktablar. Ishtirokchilar – yosh mutaxassislar, sohani strategik tushunishga qiziqadigan quyi va o‘rta bo‘g‘in boshqaruvchilari.

Ikkinchi turi – ko‘proq amaliy mavzularni o‘rganadigan va texnik xususiyatlarga chuqur kirishmasdan asosiy bilimlarni mustahkamlaydigan kurslar. Ular keng auditoriya uchun mo‘ljallangan.

Uchinchi turi – muayyan sohada bilimlarini chuqurlashtirish istagidagi tajribali mutaxassislar uchun amaliy seminarlar. Bunda real holatlar muhokama qilinib, tajriba almashiladi.

To‘rtinchisi – guruhli ilmiy tashriflar. Ular eng ilg‘or tinglovchilarga mo‘ljallangan bo‘lib, ishtirokchi mamlakatlarning o‘ziga xos ehtiyojlariga ko‘ra shakllantiriladi.

Barcha turdagi dasturlarning o‘ziga xos jihati – kurs mavzusiga mos ravishda atom sanoati obyektlariga texnik sayohatlar tashkil etilishidir.

– Bu yil qanday kurslar o‘tkazilmoqda?

– Bular atom sanoati inshootlarini qurish uchun maydonlarni tanlash, kichik quvvatli atom elektr stansiyalarining (KQAES) texnik-iqtisodiy asoslanishi, bilimlarni boshqarish, manfaatdor tomonlar bilan hamkorlik qilish, yopiq yadroviy yoqilg‘i sikli va radioaktiv chiqindilar bilan muomala qilish, strategik boshqaruv hamda IV avlod reaktorlari uchun raqamli yechimlar bo‘yicha kurslardir.

Shunday qilib, joriy yilning may oyida TAR va MAGATE AES, shu jumladan kichik quvvatli AES qurilishi uchun joy tanlash bo‘yicha kurs o‘tkazdi. Unda Armaniston, Braziliya, Qozog‘iston, Shri-Lanka va Zambiya kabi 18 mamlakatdan 20 dan ortiq vakil ishtirok etdi. MAGATE mutaxassislari AES qurilishidagi ko‘mak haqida so‘zlab, agentlikka a’zo davlatlarda to‘plangan tajribani baham ko‘rdilar. Tinglovchilar yadroviy dasturni amalga oshirish bosqichlarini taqdim etib, qaysi joylarda qiyinchiliklar yuzaga kelgani va ularni qanday bartaraf etish mumkinligi haqida ma’lumot berdilar. Ular, shuningdek, Kalinin atom elektr stansiyasiga tashrif buyurdilar.

– Ta’lim yuzma-yuz bo‘ladimi?

– Odatda, ha, lekin zarurat tug‘ilganda ishtirokchilarni video-konferensiya aloqasi orqali bog‘lab, onlayn shakldan ham foydalaniladi.

– Ishtirok etish uchun ariza qanday topshiriladi?

– Faqat MAGATEning rasmiy platformasi – InTouch+ orqali.
TAR va MAGATE mavzularni, sanalarni, formatlarni, dasturlarni hamda ilg‘or tajribalarni bo‘lisha oladigan va o‘z amaliyotidan misollar keltira oladigan o‘qituvchilarni belgilaydi va kelishib oladi.

– Kurslar qanday yakunlanadi?

– TAR va MAGATEning qo‘shma kurslarida yakuniy test o‘tkazilmaydi. Kurs yakunida ishtirokchi o‘quvni muvaffaqiyatli tamomlaganligi haqida sertifikat oladi.

– TARning o‘z kurslari ham bor ekan. Ular haqida batafsil gapirib bera olasizmi?

– TARning «Yadro ta’limi transferi» loyiha ofisi xorijiy oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchilari va aspirantlari uchun «Train-the-Trainers» formatida qisqa muddatli kurslar o‘tkazadi. Bu kurslarda nafaqat texnologiyalar haqida, balki mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha ixtisoslashgan oliy o‘quv yurtlari dasturlarini qanday yaratish to‘g‘risida ham bilimlar beriladi.

– Bu kurslar nimalarga qaratilgan?

«Rosatom»ning asosiy eksport mahsulotlari – VVER-1200 rusumli atom elektr stansiyalari va RITM-200 rusumli kichik quvvatli modulli reaktorlar, shuningdek, radiatsiya texnologiyalarining noenergetik qo‘llanilishi – yadro tibbiyoti, ko‘p funksiyali nurlanish markazlari, tadqiqot reaktorlari va siklotronlar o‘rganilmoqda. So‘nggi yillarda yadroviy infratuzilma bo‘yicha kurslarni ham qo‘shdik.
Sinovdan o‘tkazish tartibida radioaktiv chiqindilarni ko‘mish punktlarini tashkil etish va yangi mamlakatlarning energetika sektorini strategik rejalashtirish bo‘yicha kurslarni muvaffaqiyatli o‘tkazdik. Qayta tiklanadigan energiya texnologiyalarini o‘rganish va optimal energiya ta’minotining mumkin bo‘lgan ssenariylarini tahlil qilish orqali dasturni kengaytirish, shuningdek, milliy yadro dasturini (NEPIO, Yadro energetikasi dasturini amalga oshiruvchi tashkilot) amalga oshirish bo‘yicha kurs ishlab chiqishni rejalashtirmoqdamiz.

Train-the-Trainers kurslari barcha shakllarda: kunduzgi, sirtqi, aralash va mustaqil tayyorgarlik bilan sirtqi tarzda o‘tkaziladi. Bu yil 40 dan ortiq mamlakat vakillari ishtirok etdi, ro‘yxatga Somali va Malavi ham qo‘shildi.

– Eng ko‘p talab nimaga?

– Tadqiqot reaktorlari, kichik modulli atom elektr stansiyalari va yadro tibbiyoti bo‘yicha kurslarga.

– Kurslar qanday tashkil qilinadi?

– Tarmoq buyurtmachisining talabiga binoan, o‘quv kurslariga arizalar qabuli ikki-uch oy oldin boshlanadi. Kurslar bir-ikki hafta davom etadi, chuqurlashtirilgan mavzular uchun kirish sinovidan o‘tish talab etilishi mumkin. Dasturga qayta topshirish imkoniyati bilan yakuniy test sinovlari kiritilgan.