Empowering better future: Rossiya atom sanoatining 80 yilligi
Yangiliklar jo'natmasiga obuna bo'lish.
Obuna boʻlish
#292Avgust 2025

Empowering better future: Rossiya atom sanoatining 80 yilligi

tarkibga qaytish

2025-yil avgustda Rossiya atom sanoati 80 yilligini nishonlaydi: 1945-yil 20-avgustda SSSR Mudofaa davlat qo‘mitasi huzurida Maxsus qo‘mita tuzish to‘g‘risidagi qaror imzolangan edi. Bu qo‘mitaga uranning atom energiyasidan foydalanish bo‘yicha barcha ishlarga rahbarlik qilish vazifasi yuklatilgan edi. Aynan shu sanadan boshlab sovet atom loyihasi yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda Rossiya atom sanoati xodimlari o‘zlarining buyuk ajdodlari ishini davom ettirmoqda va atom texnologiyalarining yangi imkoniyatlarini kashf etmoqda.

Mamlakatning eng yetuk matematiklari, fiziklari, kimyogarlari va muhandislari energetikaning mutlaqo yangi turi – atom energetikasini yaratishga bel bog‘ladilar. Atom loyihasiga rahbarlik qilgan fizik olim Igor Kurchatov 1940-yillarning oxirida uran yadrolarining parchalanish energiyasiga asoslangan dunyodagi birinchi elektr stansiyasini qurish taklifini ilgari surdi. 1954-yil 26-iyunda dunyodagi ilk atom elektr stansiyasi – Obnin AES tarmoqqa elektr energiyasi yetkazib berdi. Ayni shu yili SSSR Vazirlar Kengashi butun Ittifoq bo‘ylab atom elektr stansiyalarini keng ko‘lamda qurish dasturini ma’qulladi.

Obnin AESi boshqa mamlakatlarda ham atom energetikasiga yo‘l ochdi. Bugungi kunda dunyoda umumiy quvvati 376 GVt dan oshiq bo‘lgan 416 ta atom energiya bloki ishlab turibdi. Rossiyada esa umumiy quvvati 26,8 GVt bo‘lgan 36 ta energoblok ishonchli va ekologik toza atom energiyasini ishlab chiqarmoqda.

Rossiyalik atom mutaxassislari atom energiyasi texnologiyalarini muntazam takomillashtirib, hamkorlarga tobora qiziqarli yechimlarni taqdim etmoqdalar. Natijada, turli xil modifikatsiyadagi VVER reaktorlari jahon bozorida yirik AESlar orasida eng ko‘p talab qilinadigan qurilmaga aylandi. «Rosatom»ning AES qurilishi bo‘yicha chet el buyurtmalari portfelida 10 ta mamlakatda VVER reaktorlari o‘rnatilgan 33 ta yuqori quvvatli blok mavjud.

«Rosatom» kichik quvvatli atom stansiyalari (KQAES) sohasida yetakchi o‘rinni egallaydi. Rossiyalik atom mutaxassislari dunyoda birinchi va hozirga qadar yagona bo‘lib, «Akademik Lomonosov» nomli suzuvchi energiya blokli (SEB) atom issiqlik elektr stansiyasini yaratdilar. Chukotkadagi Bayim kon-metallurgiya kombinatini elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun yana to‘rtta RITM-200 reaktorli suzuvchi energiya bloki qurilmoqda. Davlat korporatsiyasi boshqa mamlakatlar hamkorlari bilan turli xil modifikatsiyadagi SEB qurilishini muhokama qilmoqda, Yoqutistonda (Rossiya) quruqlikdagi KQAES qurilishiga tayyorgarlik ko‘rmoqda va dunyodagi birinchi KQAES eksport loyihasini – O‘zbekistonda oltita blok qurilishini amalga oshirmoqda.

«Rosatom» IV avlod reaktor tizimlarining konsepsiyasini taklif etdi. Bu konsepsiya xavfsizlik va iqtisodiy ko‘rsatkichlarni sezilarli darajada yaxshilashni hamda yadro yoqilg‘i siklini (YOMS) yopishni nazarda tutadi. YOMSni yopish ishlatilgan yoqilg‘ini qayta ishlash va boyitishdan so‘ng qolgan uranni YOMSga jalb etishni o‘z ichiga oladi. Bunday yondashuv qazib olingan uranning energetik salohiyatidan maksimal darajada foydalanish imkonini beradi, bu esa ham qazib olish ehtiyojlarini, ham radioaktiv chiqindilar hajmini kamaytiradi.

Ushbu tamoyillar «Proriv» loyihasi doirasida amalga oshiriladi: Rossiyada qo‘rg‘oshin issiqlik tashuvchisi bo‘lgan tez neytronli reaktorga ega noyob BREST-OD-300 energiya bloki qurilmoqda, xuddi shu maydonda yoqilg‘ini qayta ishlash va ishlab chiqarish-qayta ishlab chiqarish modullari barpo etilmoqda. Tez neytronli reaktorlar Rossiya atom sanoatining asosiy yo‘nalishi hisoblanadi: birinchi reaktor BR-2 1956-yilda ishga tushirilgan bo‘lib, o‘shandan beri tadqiqot va energetika maqsadlaridagi tez reaktorlar qurilgan, ularning ayrimlari hozirga qadar ishlab turibdi. Bundan tashqari, «Rosatom» xalqaro atom hamjamiyati katta qiziqish bildirgan MBIR tadqiqot reaktorini qurmoqda.

Yangi yetakchilik

Rossiya atom sanoati doimo ko‘p qirrali bo‘lib kelgan: yangi materiallar va hisoblash qurilmalari o‘rganilib yaratilgan, yadro tibbiyoti rivojlantirilgan va boshqa ko‘plab sohalar taraqqiy ettirilgan. Shu kompetensiyalar asosida «Rosatom»da butun boshli sanoat tarmoqlari vujudga kelgan bo‘lib, davlat korporatsiyasi bu sohalarda yetakchi o‘rinlarni egallab turibdi.

«Rosatom»ning TVEL yoqilg‘i bo‘linmasi 3D-bosma sohasini rivojlantirmoqda: u kukunlar va 3D-printerlar ishlab chiqaradi hamda umuman olganda, Rossiya va xorijiy mamlakatlar sanoatiga qo‘shimcha texnologiyalarni joriy etishda hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Bundan tashqari, «Rosatom» litiy-ion akkumulyatorlari ishlab chiqaruvchi korxonalar qurmoqda, ular uchun materiallar ishlab chiqishga hissa qo‘shmoqda va mahalliy elektromobillar yaratishda ishtirok etmoqda. «Rosatom»ning uch bo‘linmasi Rossiyada elektr zaryadlash infratuzilmasini rivojlantirishga jalb etilgan. Konchilik bo‘linmasi litiy karbonatlari va gidroksidlari hamda magnitlar tayyorlashda ishlatiladigan noyob yer metallarining alohida konsentratlarini ishlab chiqarish loyihalarini ishlab chiqmoqda. Magnitlar esa dvigatellar uchun zarur. «Rosatom» tarkibida magnit ishlab chiqarish ham rejalashtirilgan. Kompozit materiallar bo‘linmasi xomashyodan to shisha va uglerod kompozitlaridan tayyorlangan komponentlar va mahsulotlargacha bo‘lgan to‘liq texnologik zanjirlarni yaratdi. Shamol energetikasi bo‘linmasi Rossiyada shamol elektr stansiyalarini quradi va ularni boshqaradi, shuningdek, boshqa mamlakatlarda ham xuddi shunday loyihalar ustida ishlamoqda./

«Rosatom» Shimoliy dengiz yo‘lining (SDY) logistika salohiyatini namoyon etmoqda. Dunyodagi yagona atom muzyorar flotiga ega bo‘lgani tufayli, bu yo‘l orqali yuk tashish hajmi yil sayin oshib bormoqda. SDY global logistikada tobora ko‘zga tashlanadigan va talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishga aylanib bormoqda.

«Rosatom» yadro tibbiyotini rivojlantirmoqda. Davlat korporatsiyasi tibbiy izotoplar ishlab chiqarish sohasida yetakchi o‘rinni egallab, radiofarmatsevtik preparatlar (RFP) yaratmoqda hamda ularni bemorlarni tashxislash va davolashga joriy etishga ko‘maklashmoqda. «Rosatom» o‘z tajribasini boshqa mamlakatlar bilan ham baham ko‘rmoqda. Xususan, Boliviyada noyob Yadro tadqiqotlari va texnologiyalari markazi bunyod etilmoqda. Ushbu markazning tarkibiga siklotron majmuasi, ko‘p maqsadli nurlatish markazi, radiobiologiya va radioekologiya laboratoriyalari hamda tadqiqot reaktori kiradi.

«Rosatom» to‘plangan zararni bartaraf etib, sayyoramizni toza saqlashga hissa qo‘shmoqda: shahar axlatxonalarini, xavfli kimyoviy ishlab chiqarish inshootlarini, yadroviy va radiatsiyaviy xavfli obyektlarni qayta tiklaydi.

Eng zamonaviy texnologiyalar

Rossiya atom sanoati paydo bo‘lganidan buyon ilmiy va muhandislik izlanishlari markazida turibdi. «Rosatom» termoyadro va kvant texnologiyalari, superkompyuterlar va sun’iy intellekt, a’zolarni biofabrikatsiya qilish, Rossiyaning kosmik dasturlarini yaratish va ulardan foydalanishda faol ishtirok etmoqda. Rossiyalik atom mutaxassislari Rossiya va dunyoning kelajakdagi texnologik rivojlanishini shakllantirishmoqda. Ularning mehnati samaralari sayyoramizdagi va hatto undan tashqaridagi insonlarga ko‘p o‘n yillar davomida naf keltiradi.