Yubiley munosabati bilan muzyorarlar
Yangiliklar jo'natmasiga obuna bo'lish.
Obuna boʻlish
#285Yanvar 2025

Yubiley munosabati bilan muzyorarlar

tarkibga qaytish

2024-yil dekabr oyida «Atomflot» o‘zining 65 yilligini nishonladi. Kompaniya o‘n yilliklar davomida to‘plagan tajribasini muzyorarlarni boshqarishda, yangi loyihalarni amalga oshirishda va hatto muzey faoliyatida ham muvaffaqiyatli qo‘llamoqda. «Atomflot» jamoasi sa’y-harakatlari tufayli Shimoliy dengiz yo‘li logistika uchun tobora jozibador bo‘lib bormoqda.

Savdo va fan rivojiga xizmat qilmoqda

Dunyoda yagona bo‘lgan Rossiya atom muzyorar floti o‘zining 65 yilligiga yuqori ko‘rsatkichlar bilan yetib keldi.  «Yakutiya» universal atom muzyorar kemasi «Atomflot»ning eng so‘nggi qo‘shimchasi bo‘lib, u Rossiyada aytilganidek, «archa tagida,» ya’ni Yangi yil arafasida – 28-dekabrda foydalanishga topshirildi.

«Bizning atom muzyorar flotimiz tarkibida sakkizta kema mavjud. 2030 yilga kelib Shimoliy dengiz yo‘lidagi muzyorar guruh 17 ta kemaga yetishi kerak. Noyabr oyida SMPda tranzit bo‘yicha navbatdagi rekord o‘rnatildi. U uch million tonnadan oshib ketdi. Endi ishonch bilan ayta olamanki, biz allaqachon yangi yuqori ko‘rsatkichga erishdik va joriy yilda SMP bo‘yicha yuk tashish umumiy hajmida yangi rekord o‘rnatdik,» – dedi «Rosatom» rahbari Aleksey Lixachyov.

Shimoliy dengiz yo‘li akvatoriyasida xavfsiz navigatsiyani ta’minlash uchun yangi muzyorar kemalar zarur. So‘nggi 10 yil ichida bu muhim arktika magistrali bo‘ylab yuk tashish hajmi deyarli o‘n barobarga oshdi va har yili yangi rekordlar o‘rnatilmoqda. 2024-yilda ham bu ko‘rsatkich o‘sishda davom etdi. 2024-yilda deyarli 37,9 million tonna, 2023-yilda esa 36,25 million tonna yuk tashildi.

«Yakutiya» – 22220-loyihaning uchinchi seriyali va to‘rtinchi raqamli topshirilgan muzyoraridir. Bu muzyorarlar sayyoramizdagi eng qudratli bo‘lib, qalinligi uch metrgacha bo‘lgan muzlarni yorib o‘ta oladi. Ularning ishlashini ikkita RITM-200 reaktori ta’minlaydi. Eslatib o‘tamiz, Rosatom bunday reaktorlarning modifikatsiyalarini kichik quvvatli suzuvchi va quruqlikdagi atom stansiyalariga o‘rnatishni rejalashtirmoqda.

Yana uchta muzyorar qurilmoqda. Jumladan, o‘tgan yilning noyabr oyida «Chukotka» muzyorari suvga tushirildi. An’anaga ko‘ra, suvga tushirishdan oldin uni «cho‘qintirishdi» – dengiz ko‘pigini ifodalovchi shampan shishasini kemaning bortiga urib sindirishdi.

«Muzyorar kemalar nafaqat shimoliy kengliklarda navigatsiyani ta’minlaydi va eng qiyin hududlarga yuklarni yetkazib beradi, balki Arktikani o‘rganish uchun ham zarur,» dedi «Chukotka»ning «cho‘qintirgan onasi», «Iste’dod va muvaffaqiyat» ta’lim jamg‘armasi rahbari va «Sirius» federal hududi kengashi raisi Yelena Shmelyova. U, shuningdek, Arktikani ilmiy o‘zlashtirish Rossiyaning ilmiy-texnologik rivojlanish strategiyasining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolishiga umid bildirdi.

Bundan tashqari, Sankt-Peterburgdagi Boltiq zavodining stapellarida «Leningrad» (22220-loyiha), Uzoq Sharqdagi «Zvezda» kemasozlik zavodida esa – 10510-loyihaning («Lider») «Rossiya» nomli bosh atom muzyorari qurilmoqda. 2025-yilda 22220-loyihaning oltinchi muzyorari – «Stalingrad»ni qurish rejalashtirilgan.

«Ishonchim komilki, atom muzyorar flotiga bo‘lgan talab yildan-yilga ortib boradi. Shimoliy dengiz yo‘li xalqaro marshrutga aylanmoqda. Biz butun dunyoga bu yo‘lning murakkab muzlik sharoitida ham barqaror ishlaydigan kemalar qatnovi trassasi ekanligini namoyish etmoqdamiz. Men doimo Arktika yo‘nalishi — bu Rossiyaning Hindistonga yo‘li, deb aytganman. Agar biz Tinch okeani va Osiyoda mustahkam mavqega ega bo‘lishni istasak, bunday yo‘nalishni rivojlantirmasdan turib, Rossiyaning eng muhim iqtisodiy va siyosiy vazifalarini amalga oshirishi qiyin bo‘ladi,» — dedi Rosatom bosh direktori o‘rinbosari, Arktika boshqarmasi rahbari Vyacheslav Ruksha «Rosatom mamlakati» nashriyotiga bergan intervyusida.

Sayyohlik qiziqishi

Atom muzyorarlarining va ular ishlaydigan joylarning noyobligi, shubhasiz, sayyohlar, shu jumladan xorijiy sayyohlar e’tiborini tortadi. Murmanskning (muzyorar floti joylashgan shahar) asosiy diqqatga sazovor joylaridan biri — dunyodagi birinchi «Lenin» atom muzyorar kemasidir. U hozirda muzey sifatida faoliyat yuritmoqda. Muzyorar negizida Arktika ko‘rgazma markazi tashkil etilgan.

«Lenin» 1959-yil 3-dekabrda ishga tushirilgan — aynan shu kundan boshlab «Atomflot» o‘z tarixini hisoblaydi. 2024-yilda «Lenin»ning tug‘ilgan kunida muzyorar korpusi birinchi marta yoritish bilan bezatildi: bortlarda — shimol yog‘dusining yashil shu’lalari, turar-joy ustqurilmasida esa — Rossiya bayrog‘i ranglari aks ettirildi.

Albatta, sayyohlarning eng katta qiziqishini Shimoliy Qutbga qilinadigan kruizlar uyg‘otadi. 2008-yildan beri bu sayohatlarni «G‘alabaning 50 yilligi» nomli atom muzyorari amalga oshirib kelmoqda. 2024-yilda beshta shunday reys o‘tkazildi. Ulardan biri Rosatomning «Bilimlar muzyorari» loyihasi doirasida bo‘ldi. Shimoliy qutbga dunyoning 15 mamlakatidan iqtidorli maktab o‘quvchilari tashrif buyurishdi. Vyacheslav Ruksha shunday dedi: «2019-yildan beri «G‘alabaning 50 yilligi» muzyoramiz bolalarga Arktikani kashf etayotganidan mamnunman. Loyiha xalqaro miqyosga chiqdi. Biz uchun do‘st mamlakatlar yoshlariga atom muzyorar flotining imkoniyatlarini va Arktikaning go‘zalligini ko‘rsatish nihoyatda muhim.»

SMP bo‘yicha yuk tashish:

deyarli 37,9 million tonna— 2024-yil

36,25 million tonna — 2023-yil