O‘zbekiston AESi uchun beton
tarkibga qaytish24-mart kuni O‘zbekistonda atom elektr stansiyasini qurish maydonida asosiy qurilish ishlarini rasman boshlash uchun poydevor tayyorlash bo‘yicha betonlash ishlari boshlandi. O‘sha kuni “Rosatom” bosh direktori Aleksey Lixachev va “O‘zatom” direktori Azim Ahmedxadjayev O‘zbekistonning “Rosatom” bilan hamkorligini kengaytirishga doir hujjatlarni imzoladi.
Jizzax viloyatining Forish tumanidagi maydonda ishchilar RITM-200N reaktorli birinchi energoblokni qurish uchun beton tayyorlashni boshladilar: asosni tekislaydilar, gidroizolyatsiya va yerga ulashni o‘rnatadilar. Ushbu bosqichda 900 kub metrga yaqin beton yotqiziladi. Avvalroq «O‘zatom» ikkita RITM-200N reaktor qurilmasiga ega energiya blokini joylashtirish uchun maydondan foydalanishga ruxsat olgan edi. Yadro oroli binolari poydevorining asosiga ilk beton shu yili quyilishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga, reaktor ham tayyorlanmoqda.
O‘zbekistondagi AES dunyoda birinchi bo‘lib, bir maydonning o‘zida ikki turdagi energobloklar joylashtiriladi: ikkitasi VVER-1000 reaktorli, har biri 1000 MVt quvvatga ega bo‘lsa, yana ikkitasi RITM-200N reaktorli, har biri 55 MVt quvvatga ega bo‘ladi. Ushbu konfiguratsiya AES qurilishiga oid shartnomaga qo‘shimcha kelishuv bilan mustahkamlangan. Hujjatni tayyorgarlik beton ishlari boshlangan kuni “Rosatom” bosh direktori Aleksey Lixachev va “O‘zatom” direktori Azim Ahmedxadjayev imzoladi.
To‘rtta blok to‘liq quvvat bilan ishlaganda yiliga qariyb 17,2 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi va bu O‘zbekiston umumiy energiya iste’molining 14 foizigacha bo‘lgan qismini ta’minlaydi. Mazkur hajm mamlakatning yirik shaharlari — Toshkent, Samarqand va Buxoroni elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun deyarli yetarli. Har xil quvvatdagi bloklarning birgalikda qo‘llanishi elektr energiyasiga bo‘lgan ham asosiy, ham eng yuqori talabni qondirish imkonini beradi. Umumiy stansiya infratuzilmasi kapital va ekspluatatsiya xarajatlarini kamaytiradi.
AESdan ham ko‘proq
Shuningdek, Aleksey Lixachev va Azim Axmedxadjayev atom va turdosh sohalarda hamkorlik bo‘yicha yo‘l xaritasini imzoladilar. Unda AES qurilishida tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari: kadrlar tayyorlash, stansiya oldi atomgradini yaratish va aholini zamonaviy yadro texnologiyalari haqida xabardor qilish kabilar o‘rin olgan. Shu kuni ikki davlat prezidentlari ham telefon orqali AES qurilishini muhokama qilishdi.
“Rosatom” AES yaqinida shunchaki qulay va zamonaviy shahar qurishni emas, balki uni ilm-fan shaharchasiga — yadroviy tibbiyot, materialshunoslik, urug‘lik va oziq-ovqat mahsulotlarini, tibbiy buyumlar va boshqalarni ionlashtiruvchi nurlanish bilan ishlash kabi sohalarni rivojlantirish markaziga aylantirishni taklif etmoqda.Ko‘p funksiyali ionlashtiruvchi ishlov berish markazlarini yaratish bo‘yicha hamkorlik memorandumi 2025-yil iyun oyida imzolandi.
O‘zbekiston “Rosatom” bilan turli yo‘nalishlarda uzoq vaqtdan beri hamkorlik qilib keladi. Jumladan, 2019-yilda Toshkentda davlat korporatsiyasining tayanch oliy o‘quv yurti — MIFI filiali o‘z faoliyatini boshlagan bo‘lsa, joriy yilda “Rosatom” Texnika akademiyasida o‘zbekistonlik mutaxassislarning ilk amaliyoti bo‘lib o‘tdi. Davlat korporatsiyasining yoqilg‘i divizioni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutining tadqiqot reaktorini yoqilg‘i bilan ta’minlaydi. Tomonlar yadro obyektlarini ekspluatatsiyadan chiqarish va radioaktiv chiqindilar bilan ishlash sohasida hamkorlik qilib kelmoqda. Bundan tashqari, institut “Rosatom” tomonidan Dimitrovgrad shahrida barpo etilayotgan to‘rtinchi avlod ko‘p maqsadli MBIR tadqiqot reaktori negizidagi konsorsiumga qo‘shildi.

VVERning muvaffaqiyatli tajribasi
Quvvati 1000 MVt bo‘lgan VVER-1000 reaktor qurilmalari Rossiya va bir qator xorijiy mamlakatlarda muvaffaqiyatli ishlamoqda. Xususan, Xitoyning «Tyanvan» atom elektr stansiyasining ishga tushirilgan to‘rtta energiya bloki bir qator ko‘rsatkichlar bo‘yicha bir necha bor dunyodagi eng xavfsiz deb topilgan. Hindistondagi «Kudankulam» AESning birinchi ikkita energobloki VVER-1000 bilan mamlakat energetika tizimiga 100 milliard kVt/soat elektr energiyasini yetkazib berdi va loyihadan yuqori samaradorlikni ko‘rsatdi.
RITM-200N reaktor qurilmasi — atom muzyorarlari, suzuvchi atom energiya bloklari va kam quvvatli yerusti atom stansiyalari uchun ishlab chiqilayotgan RITM-200 reaktor qurilmalari “oilasi”ga mansubdir. RITM-200 reaktor qurilmasida minimal o‘lchamli integral bug‘ hosil qiluvchi blok, energiya resursi oshirilgan innovatsion aktiv zona hamda ixcham issiqlik almashinish yuzasiga ega bug‘ generatori qo‘llanilgan. Normal ishlatish va xavfsizlik tizimlarining tuzilmasi zamonaviy xavfsizlik, o‘z-o‘zini himoya qilish va ekologik tozalik talablariga javob beradi, shuningdek, texnik xizmat ko‘rsatish qulayligi va qurilmaning boshqa iste’mol xususiyatlarini ta’minlaydi.

