Vyetnam atom bilan yaqinlashmoqda
tarkibga qaytishRossiya va Vetnam AES qurilishi bo‘yicha hukumatlararo bitimni imzoladi. “Rosatom” texnologiyalari qayerda qo‘l kelishi va atom energetikasiga bo‘lgan bunday e’tiborning sabablari haqida “Rosatom Xalqaro tarmog‘i” xususiy muassasasining Vetnamdagi vakolatxonasi direktori Dmitriy Raspopin so‘zlab berdi.
Joriy yilning 23-mart kuni Vetnam bosh vaziri Fam Min Tinning Moskvaga rasmiy tashrifi chog‘ida “Rosatom” bosh direktori Aleksey Lixachev va Vetnam hukumati devonining vazir-rahbari Chan Van Shon Vyetnamda “Nintxuan-1” atom elektr stansiyasini barpo etish bo‘yicha hamkorlikka oid hukumatlararo bitimni imzoladilar.
Vyetnam energetikasi ASEAN mamlakatlari orasida energiya quvvati hajmi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadi. Soha jadal rivojlanayotgan bo‘lsa-da, vaziyat o‘ta keskinligicha qolmoqda. Elektr tarmoqlari zo‘riqib ishlamoqda, beqaror bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalariga qaramlik yuqori va iste’mol eng yuqori nuqtaga chiqqanda quvvat tanqisligi yuzaga kelmoqda. Mamlakat hukumati vaziyatni barqarorlashtirish choralarini ko‘rmoqda. Xususan, 2025-yilda 260 ta tarmoq loyihasi doirasida 3,9 ming km uzunlikdagi elektr uzatish liniyalari foydalanishga topshirildi. O‘tgan yili qabul qilingan Vyetnamning energetikani rivojlantirish milliy rejasiga (PDP8, dastur 2021–2030-yillarga mo‘ljallangan bo‘lib, 2050-yilgacha bo‘lgan istiqbolni o‘z ichiga oladi) kiritilgan o‘zgartirishlar 2030-yilgacha 130 milliard dollargacha sarmoya jalb etilishini ko‘zda tutadi.
Sanoat iste’moli indeksi qariyb 12 foizni tashkil etadi, elektr energiyasiga bo‘lgan talab esa taklifdan tobora o‘zib bormoqda. Yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur’ati bo‘yicha mamlakat mintaqadagi barcha davlatlardan oldinda bo‘lib, yiliga 7-8 foizga yetmoqda. Shu sababli elektr energiyasiga bo‘lgan talab har 10 yilda ikki barobarga oshmoqda. Mavjud 80 GVt quvvat barcha ehtiyojlarni qondirish va Vyetnam oldida turgan strategik vazifalarni bajarish uchun keskin yetishmayapti. Elektr energiyasi bilan bog‘liq eng katta qiyinchiliklar shimoliy hududlarda kuzatilmoqda: ta’minotda uzilishlar, doimiy o‘chirishlar. Elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi EVN kompaniyasi vaziyatni barqarorlashtirish uchun BESS (Battery Energy Storage System — energiyani saqlash tizimi) tizimini bosqichma-bosqich joriy qilmoqda, biroq uy xo‘jaliklari va sanoat korxonalarini elektrni tejab ishlatishga chaqirmoqda.

Atom afzalliklari
Atom energetikasi — bu, avvalo, elektr uzilishlari xavfini kamaytiradigan toza va barqaror asosiy energiya manbaidir. Atom elektr stansiyalari kundalik ehtiyojlarni (yoritish, maishiy texnika, elektr transporti) elektr energiyasi bilan ta’minlashga yordam beradi. Bundan tashqari, atom elektr stansiyalari ko‘mir va gaz importiga qaramlikni kamaytirib, ekologik vaziyatni yaxshilaydi. Bu, ayniqsa, ko‘mirda ishlaydigan IESlar havoni ifloslantirayotgan qishloq joylari va o‘sib borayotgan shaharlar uchun muhim ahamiyatga ega.
Atom energetikasi, shuningdek, Vetnamning eksportga yo‘naltirilgan sanoatini (elektronika, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi), xususan, mamlakatdagi ishlab chiqarishga allaqachon milliardlab dollar sarmoya kiritib kelayotgan Samsung, Intel, Nike kabi korxonalarni ham qo‘llab-quvvatlaydi. Barqaror energiya ishlab chiqarish neft-kimyo va og‘ir sanoatning boshqa tarmoqlarini rivojlantirishga ko‘maklashadi. Energiya bilan yaxshi ta’minlangan va diversifikatsiyalangan sanoat iqtisodiyotning raqobatbardoshligini mustahkamlaydi. Va, albatta, energetika hamda turdosh sohalardagi ish o‘rinlarini ham unutmaslik lozim.
Atom energetikasi yangi texnologik bosqichga o‘tishga yordam beradi. Xususan, Vyetnam ma’lumotlar markazlariga faol investitsiyalar jalb qilmoqda: Google, Amazon, Microsoft, shuningdek, Viettel, FPT, CMC kabi yirik mahalliy kompaniyalar qurilish xarajatlarining pastligi va bozorning jadal rivojlanayotgani sababli bu yerda xablar qurmoqda.
Ular katta hajmdagi barqaror va kam uglerodli energiyani talab qiladi. Atom energetikasi, xususan, KQAS bunday manbaning ideal yechimidir va ko‘plab ishtirokchilar bu haqda allaqachon jiddiy o‘ylay boshlagan.
Shuningdek, atom texnologiyalari fandagi R&D ni rag‘batlantiradi, radiofarmatsevtika, qishloq xo‘jaligi (oziq-ovqat mahsulotlariga radiatsion ishlov berish) va ekologiyada qo‘llaniladi. Uzoq muddatli istiqbolda bularning barchasi Vetnamga «yashil» va yuqori texnologiyalar bo‘yicha mintaqaviy yetakchiga aylanish imkonini beradi.
Siyosiy qo‘llab-quvvatlash
Ortib borayotgan taqchillik sharoitida atom energetikasi elektr energiyasi ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish va uzoq muddatli energiya xavfsizligini ta’minlashda hal qiluvchi o‘rin tutadi. Mamlakat 2016-yilda boshlangan tanaffusdan so‘ng 2024-yilda o‘z yadroviy dasturini qayta tikladi. U yangilangan PDP8 ga integratsiya qilingan. 2026-yil 18-martda Vyetnam hukumati atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanishni rivojlantirish bo‘yicha 2035-yilgacha mo‘ljallangan va 2050-yilgacha istiqbolga ega Strategiyani tasdiqladi. Strategiyaga ko‘ra, atom energetikasi mamlakatning uzoq muddatli rivojlanishidagi asosiy yo‘nalishlardan biri bo‘lib, texnologik mustaqillikni oshirish, sanoatni modernizatsiya qilish hamda aholi turmush sifatini yaxshilashga qaratilgan.
2035-yilgacha (ayni nomdagi provinsiyada) “Nintxuan-1” AES loyihasi amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Rossiya va Vyetnam tomonidan imzolangan hukumatlararo bitim umumiy quvvati 2400 MVt bo‘lgan, VVER-1200 reaktorlariga ega ikki blokli atom elektr stansiyasini qurish loyihasi doirasidagi tomonlar hamkorligining shartlari va asosiy yo‘nalishlarini belgilab beradi.
Leningrad AES-2 (1- va 2-sonli energobloklar) andoza loyiha sifatida tanlab olindi. Ushbu hujjat stansiya qurilishi uchun zarur huquqiy zamin yaratib, Rossiya-Vyetnam o‘rtasidagi atom sohasi bo‘yicha hamkorlikning kelgusi o‘n yilliklardagi yo‘nalishini belgilab beradi.
2050-yilgacha yana 8 ta «atom» GVt, shu jumladan kichik quvvatli atom stansiyalari (KQAS) hisobiga ishga tushirish rejalashtirilgan. Atom energetikasi 2050-yilgacha CO2 chiqindilarini kamaytirish va uglerod neytralligiga erishish uchun «yashil» manba sifatida namoyon bo‘ladi, bu esa uni mamlakat uchun strategik ustuvor vazifaga aylantiradi.

Atom energetikasi kuchli siyosiy qo‘llab-quvvatlanmoqda. Xususan, Fam Min Tin AES bo‘yicha Boshqaruv qo‘mitasini boshqaradi. U “Nintxuan-1” atom elektr stansiyasi qurilishi loyihasi strategik ahamiyatga molik milliy ustuvor vazifa ekanini bir necha bor ta’kidlagan.
Bosh kotib To Lam timsolidagi Vetnam Kommunistik partiyasi rahbariyati ham atom energetikasini qo‘llab-quvvatlamoqda. Siyosiy byuro qaror va farmoyishlar orqali atom energetikasini jadal joriy etishni rag‘batlantirmoqda. Milliy assambleya “Nintxuan-1” va “Nintxuan-2” AESlari loyihalarini qayta tiklashni ma’qulladi hamda 2026-yilda kuchga kiradigan Atom energiyasi to‘g‘risidagi yangi qonunni qabul qildi.
Jamoatchilik yordami
Vyetnam aholisining atom energiyasiga munosabati skeptik-neytraldan passiv qabul qilishgacha o‘zgarib turadi. Yaponiyadagi «Fukusima» atom elektr stansiyasidagi avariyadan keyin yuzaga kelgan qo‘rquvlar ta’siri hali ham sezilib turibdi. Biroq jiddiy e’tiroz yo‘q.
Hukumat atom texnologiyalarini ommalashtirmoqda. U uchinchi yildirki, mamlakat aholisini, ayniqsa, Ninxtuan provinsiyasi yashovchilarini AES xavfsizligi hamda uning keltiradigan foydalari haqida faol xabardor qilib kelmoqda. Vetnam Fan vazirligi va Sanoat va savdo vazirligi, EVN elektr energiyasi ishlab chiqarish kompaniyasi, Ninxuan va Xanxoa provinsiyalari xalq qo‘mitalari rahbariyati ommaviy axborot vositalarida atom texnologiyalariga bag‘ishlangan materiallarni nashr etmoqda va onlayn resurslarni rivojlantirmoqda.
Jumladan, Vinatom atom energiyasi instituti tashabbusi bilan VINANST-16 yadro fani va texnologiyalari bo‘yicha Milliy konferensiya, “Rosatom” va “Rus uyi” hamkorligidagi “Fan va atom kunlari” festivallari, shuningdek, Davlat korporatsiyasining bevosita tashkilotchiligida Global Atomic Quiz va Hackatom kabi turli tadbirlar o‘tkazilmoqda. Bundan tashqari, Vyetnamda AES qurish bo‘yicha hukumatlararo bitim loyihasi imzolanish arafasida turibdi hamda Dongnay provinsiyasida Yadro fani va texnologiyalari markazini barpo etishning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish ishlari olib borilmoqda.

Rossiya imkoniyatlari
Vyetnam innovatsion radiofarmpreparatlarga, yangi materiallarga va additiv texnologiyalarga katta qiziqish bildirmoqda. Oxirgilari neft-gaz sanoati, kemasozlik, energetika va tibbiyot uchun zarurdir.
Vetnamlik hamkorlar energiya saqlash texnologiyalarini rivojlantirishga, shuningdek, shamol elektr stansiyalari sohasida yopiq siklli texnologik zanjirni shakllantirishga, jumladan shamol turbinalari uchun magnitlar ishlab chiqarishga qiziqish bildirmoqda.Shuningdek, qiziqishlar ro‘yxatida — ma’lumotlar markazlarini rivojlantirish, atom va energetika sanoati uchun raqamli egizaklar va trenajyorlar, poytaxtni ham qo‘shganda, turli viloyatlardagi havo va chiqindilar bilan bog‘liq murakkab vaziyatni hisobga olgan holda logistika hamda ekologik yechimlar ham bor. Rosatom ushbu yo‘nalishlarning barchasi bo‘yicha vyetnamlik hamkasblari bilan o‘z tajribasini baham ko‘rishga tayyor – negaki, bu tajriba va vakolatlar bizda keng.
Ta’limdagi o‘sishlar
Vyetnam iqtisodiy o‘sishni ta’minlash maqsadida ta’lim sohasini isloh qilmoqda. Jumladan, 2026-yil 1-yanvardan qonunlarga o‘qituvchilarning maoshini oshirish va yagona darsliklar to‘plamini joriy etishni ko‘zda tutuvchi o‘zgartirishlar kuchga kiradi. Maktablarning 90 foizi internet bilan ta’minlangan, navbatdagi maqsad bu ko‘rsatkichni 100 foizga yetkazishdir. “O‘rta kasb-hunar maktablari” kasbiy ta’lim tizimining bir qismiga aylandi. Ularda tayanch o‘rta ma’lumotni (9-sinf) olgandan so‘ng 3-4 yil yoki to‘liq o‘rta ma’lumotni (12-sinf) olgandan keyin 1-2 yil davomida umumiy ta’limni kasbiy amaliyot bilan birga olib borish mumkin.
Bolalarning qariyb 98 foizi boshlang‘ich va o‘rta maktablarda o‘qiydi va reytinglarga qaraganda, ular yaxshi o‘qiydi.
Biroq muammolar ham yo‘q emas: shahar va qishloq ta’limi sifati o‘rtasidagi farq katta, Vyetnamning ayrim viloyatlarida eskirgan o‘qitish uslublari ustunlik qiladi va malakali o‘qituvchilar yetishmaydi.
Rossiya oliy o‘quv yurtlari bilan birga
Rossiyaning texnika oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlik jadal rivojlanib bormoqda. 2026-yil Rossiya-Vyetnam fan va ta’lim yili deb e’lon qilindi. Ushbu faoliyatda “Rosatom” va uning tayanch oliy o‘quv yurtlari faol qatnashmoqda. Jumladan, MIFI va MEIda yadro fizikasi hamda reaktorsozlik mutaxassisliklari bo‘yicha 400 dan ortiq vyetnamlik mutaxassis tahsil olgan. Amaliyot o‘tash tizimi yo‘lga qo‘yilgan, Hanoi University of Science and Technology (HUST) bilan hamkorlikda qo‘shma laboratoriyalar faoliyat yuritmoqda. Yana bir misol: Tomsk politexnika universiteti (TPU) joriy yilning fevral oyida “Rosatom” bilan birgalikda bitiruvchi kurslarda tahsil olayotgan Vyetnamlik talabalar uchun “Karyera kuni” tadbirini o‘tkazdi.
Rossiya–Vyetnam ilm-fan va ta’lim hamkorligi doirasida TPU barqaror energetika bo‘yicha yangi laboratoriyalar va kurslar ochishni rejalashtirmoqda. Bunda asosiy e’tibor AES, Yadro fani va texnologiyalari markazi hamda ma’lumotlar markazlari uchun texnik mutaxassislar tayyorlashga qaratiladi.
An’anaga muvofiq
Boshqa ko‘plab Osiyo mamlakatlari singari Vyetnamda ham bir yoqlamalikdan qochishadi. “Ha” so‘zi “agar ishonchga kirsak, balki” degan ma’noni anglatishi mumkin. To‘g‘ridan-to‘g‘ri “yo‘q” degan javobni eshitish juda kam uchraydigan hol, ko‘proq “bu mushkul” yoki “bu borada o‘ylab ko‘ramiz” degan gaplarni eshitasiz. Shu bois, gapning mag‘zini chaqa bilish, hamkorning “obro‘sini to‘kmaslik” uchun u bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ziddiyatga bormaslik hamda suhbatdoshning mahalliy madaniy xususiyatlariga nisbatan katta sabr-toqat va hurmat ko‘rsatish lozim
Shu sababli, muloqot shoshilinch bo‘lmaydi, chunki jarayonning o‘zi ham natijadan kam ahamiyatga ega emas. Ishonch hosil qilish uchun bir nechta uchrashuv talab etiladi. Muzokaralardan so‘ng tushlik yoki kechki ovqat ustida norasmiy suhbat bo‘lishi shart.
Ishbilarmonlik madaniyatida uchrashuvlar va bayram tadbirlari sharafiga kichik esdalik sovg‘alari taqdim etiladi. Odob-axloqning yana bir o‘ta muhim jihati — yoshi kattalarga, garchi ular martaba jihatidan sizdan pastroq bo‘lsa ham, hurmat ko‘rsatishdir. Kichik, ammo muhim hurmat belgilari: tashrif qog‘ozini ikki qo‘llab uzatish, qabul qilib olganda esa darhol chetga qo‘ymasdan, ehtirom yuzasidan ko‘zdan kechirish lozim.
Vyetnamliklar sonlarga irim qilib qarashadi. 4 va 13 raqamlari baxtsiz hisoblanib, ko‘pincha binolarning qavatlari, samolyotdagi o‘rindiq qatorlari raqamlanishida tushirib qoldiriladi. 6 va 8 esa, aksincha, baxtli sanaladi. Qamariy taqvimning yettinchi oyi (ko‘pincha iyulga to‘g‘ri keladi) bexosiyat deb qaralgani uchun vyetnamliklar bu davrda muhim bitimlar tuzmaslikka va yirik xaridlar qilmaslikka harakat qilishadi. Vyetnamlik hamkorlar bilan uchrashuvlar tayinlash yoki hujjatlar imzolashda buni inobatga olish lozim.

