«Arktika»ga besh yil to‘ldi
Yangiliklar jo'natmasiga obuna bo'lish.
Obuna boʻlish
#294Oktabr 2025

«Arktika»ga besh yil to‘ldi

tarkibga qaytish

Bu yil «Atomflot» «Arktika» nomli bosh universal atom muzyorar kemasida (GUAL) bayroq ko‘tarilganining besh yilligini nishonlamoqda. Ushbu muzyorarning paydo bo‘lishi muzyorar floti, kichik quvvatli atom stansiyalari rivojlanishida va Shimoliy dengiz yo‘lini o‘zlashtirishda yangi davrni boshlab berdi.

Rossiyaga mavjud atom muzyorarlariga qo‘shimcha yangi muzyorar kemalar kerakligi haqida bu asrning boshlarida o‘ylay boshlashgan. Yirik Arktika konlarini o‘zlashtirish va ularning mahsulotlarini eksport qiluvchi savdo kemalarini kuzatib borish uchun yanada qudratli va zamonaviy atom kemalari zarur bo‘ldi.

GUALning texnik loyihasi 2009-yilda «Aysberg» MKB tomonidan ishlab chiqilgan. Avvalgi yechimlardan asosiy farqi loyihada 175 MVt issiqlik quvvatiga ega bo‘lgan eng zamonaviy RITM-200 reaktor qurilmasidan foydalanilganidir. Uni aynan shu muzyorar uchun OKBM Afrikantov olimlari va muhandislari ishlab chiqishgan. Reaktor qurilmasining asosiy xususiyati – integral kompanovkasi: bug‘ generatorlari reaktor bilan bir korpusda joylashtirilgan. Ushbu yechim tufayli RITM-200 o‘tmishdoshlariga qaraganda deyarli ikki baravar yengil va ixcham, bu esa muzyorarni yanada harakatchan qiladi va u kemada kamroq joy egallaydi. Natijada undan foydalanish iqtisodiy jihatdan ancha samarali bo‘ladi.

«Arktika»ning ikkinchi xususiyati – ikki cho‘kish darajasi: muzyorar kema cho‘kish chuqurligini o‘zgartirishi va nafaqat Arktika dengizlarida, balki Yenisey va Ob daryolarining quyilish joylarida ham ishlay olishi. Uchinchi xususiyati – avvalgi muzyorar kemalarga nisbatan avtomatlashtirish darajasining yuqoriligi. Bu xodimlarga bo‘lgan ehtiyojni kamaytirdi va qurilmani boshqarishni osonlashtirdi. «Arktika»da yurish navbatchiligi endi faqat boshqaruv ko‘prigi va markaziy boshqaruv postida olib boriladi, mahalliy postlarda esa navbatchilik yo‘q. Mashina bo‘limida – to‘rt qavatli ulkan xonada nazorat asbob-uskunalar monitoringi va muntazam aylanib chiqish orqali amalga oshiriladi.

«Arktika» GUAL ning xususiyatlari quyidagicha: muzyorarning uzunligi 173,3 metr, suv sathidan pastki qismi 10,5 metr / 9,03 metr, muz yorib o‘tish qobiliyati 3 metrgacha. Yadro yoqilg‘isini almashtirish har 7 yilda bir marta talab etiladi. Belgilangan xizmat muddati 40 yil. Ekipaj 54 kishidan iborat.

Kayuta – dengizchining bir necha oylik uyi bo‘lib, u vaxtalar orasida dam oladigan joy – shinam va qulay mehmonxona xonasiga o‘xshaydi. Unda barcha zarur narsalar mavjud: alohida dushli hojatxona, yozuv stoli joylashgan ish maydoni, televizor, kichik muzlatgich, yotoq joyi, dam olish uchun divan, shaxsiy buyumlarni saqlash uchun joylar. Muz yorar kemadagi eng mashhur joy – bu universal sport zali bo‘lib, u yerda mini-futbol o‘ynash, basketbol yoki voleybol matchini o‘tkazish va hatto stol tennisi musobaqasini uyushtirish mumkin. Kuch mashqlarini yoqtiruvchilar uchun alohida trenajyor zali ham bor. Muz yorar kemada sauna, basseyn va solyariy ham mavjud.

Qurilish va foydalanish tarixi

«Arktika»ni qurish haqidagi qaror 2012-yilda qabul qilingan edi. Muzyorar kema 2013-yil noyabr oyida qurilishga qo‘yildi, 2016-yil 16-iyunda esa suvga tushirildi. Atom kemasi afsonaviy «Arktika» muzyorari sharafiga nomlandi. Bu muzyorar suv yuzasida Shimoliy qutbga yetib borgan tarixdagi birinchi kema bo‘lgan edi (bu voqea, eslatib o‘tamiz, 1977-yil 17-avgustda sodir bo‘lgan).

Yangi «Arktika» kemasi davlat bayrog‘ini ko‘tarish tantanali marosimi 2020-yil 21-oktyabrda Murmanskda o‘tkazildi. «Atom muzyorar flotimiz Rossiyaning jiddiy raqobatbardosh ustunligi hisoblanadi. Shubhasiz, uning kengayishi kelajakka yo‘naltirilgan qudratli sarmoyadan iborat. Eng avvalo, bu nafaqat Rossiya, balki butun mintaqa iqtisodiyotini rivojlantirishga kuchli turtki beradi,» – deya ta’kidlagan edi o‘shanda Rossiya hukumati raisi Mixail Mishustin.

14-noyabr kuni muzyorar o‘zining birinchi ishchi safariga chiqdi va o‘shandan beri besh yil davomida Shimoliy dengiz yo‘li muzliklari orasidan kemalarni o‘tkazishni ta’minlab, Arktika loyihalarining rivojlanishiga hissa qo‘shmoqda. «Arktika» atom muzyorari qurilganidan buyon muzliklar orasida 126 166 dengiz milini bosib o‘tdi va 677 ta kemaga yo‘l boshlab berdi (2025-yil oktyabr oyi boshidagi ma’lumotlarga ko‘ra).

Muz yorar kemalar va ASMM uchun seriyali ishlab chiqarish

«Arktika» GUAL 22220 loyihasi bo‘yicha muz yorar kemalarni seriyali qurishga asos soldi. Shimoliy dengiz yo‘lida ushbu loyihaning «Sibir», «Ural» va «Yakutiya» muz yorar kemalari faoliyat yuritmoqda. Dastlabki ikkitasi 2022-yilda, uchinchisi esa 2024-yilda ishga tushirildi. Hozirgi kunda «Chukotka» muz yorar kemasining qurilishi yakunlanmoqda. Bundan tashqari, «Leningrad» qurilmoqda va xuddi shu loyihaning «Stalingrad» muz yorar kemasini qurishga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

RITM-200 qurilishining seriyali ishlab chiqarishga o‘tgani ham muhim ahamiyatga ega. Endi «Rosatom» ishonch bilan buyurtmachilarga xuddi shu reaktor qurilmalarining moslashtirilgan modifikatsiyalari qo‘llaniladigan kichik quvvatli yer usti va suzuvchi atom stansiyalarini taklif qilmoqda. Rivojlanishning yana bir yo‘nalishi 315 MVt issiqlik quvvatiga ega bo‘lgan RITM-400 reaktor qurilmasini yaratish bo‘ldi. Bu barcha mavjud kema reaktor qurilmalaridan sezilarli darajada ustun hisoblanadi. 10510 loyihasining «Rossiya» muzyorar kemasi ikkita RITM-400 bilan jihozlanadi. Bu reaktorlar o‘zlarining qudrati tufayli hatto rus eposidagi qahramonlar nomi bilan «Ilya Muromes» va «Dobrinya Nikitich» deb atalgan. Birinchi RITM-400 shu yilning may oyida, ikkinchisi esa sentyabr oyida ishlab chiqarildi.