“Rosatom” va Indoneziya: strategik muloqot
tarkibga qaytish“Rosatom” Indoneziya bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ymoqda. Joriy yilning may oyida bu hamkorlik eng yuqori darajaga ko‘tarildi: davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachev Indoneziya prezidenti Prabovo Subianto bilan uchrashdi. “Rosatom”ning Indoneziyadagi vakolatxonasi rahbari Anna Belokoneva mamlakat energetikasidagi hozirgi ahvol hamda tomonlarni qiziqtirgan hamkorlik yo‘nalishlari haqida so‘zlab berdi.
Sizningcha, Indoneziya nima uchun atom energiyasidan foydalanishga qiziqmoqda?
Indoneziya — aholisi yosh va tez o‘sib borayotgan, jadal rivojlanayotgan mamlakatdir. Iqtisodiyot yuksalishi bilan birga elektr energiyasi iste’moli ham ortmoqda. Shu bois, ayniqsa, hozirgi geosiyosiy voqealarni inobatga olganda, energetika masalasi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Mamlakatda atom elektr stansiyasini qurish bir necha bor rejalashtirilgan. Hozirgi faxriylar Indoneziya hukumatining atom energetikasini mamlakat energiya balansiga qo‘shishga bo‘lgan bir necha bor urinishlarini nazarda tutib, “Biz bu sohada yangi emasmiz, shunchaki kechikdik”, deyishadi. Ammo bugun bu rejalar amalga oshishi uchun barcha imkoniyatlar borga o‘xshaydi: atom energetikasi Indoneziyaning rasmiy energetika rejalariga — ham qisqa muddatli (2033-yilgacha 500 MVt), ham uzoq muddatli (2060-yilgacha 35 GVt) istiqbol uchun kiritilgan. Ayni paytda Indoneziyada milliy atom energetikasi sohasini rivojlantirish taqdiri hal bo‘lmoqda va “Rosatom”ning salohiyatiga bo‘lgan talab har qachongidan ham yuqori.
Indoneziyaning jadal rivojlanayotgan iqtisodiyoti ehtiyojlarining qaysi birini atom energetikasi ta’minlay oladi?
Har qanday mamlakat singari, Indoneziya uchun ham AES qurilishi loyihalarining ahamiyati faqat elektr energiyasi bilan ta’minlashdangina iborat emas. Birinchidan, bular qo‘shimcha ijtimoiy-iqtisodiy samaralardir: yangi ish o‘rinlari yaratishdan tortib, atom texnologiyalari o‘zi bilan olib keladigan yangi ilmiy yo‘nalishlarni rivojlantirishgacha.
Ikkinchidan, Indoneziya o‘z oldiga 2060-yilga borib uglerod neytralligiga (NZE) erishish maqsadini qo‘ygan va hukumat aksariyat boshqa past uglerodli energiya manbalaridan farqli o‘laroq, barqaror hisoblangan atom energetikasining salmoqli ulushisiz bu maqsadga erishib bo‘lmasligini yaxshi anglaydi. Aynan shuning uchun ham atom energetikasi milliy energetika rejalariga kiritilgan.
Uchinchidan, atom energetikasi milliy energiya xavfsizligi masalasi hamdir. Chunki atom elektr stansiyasining (AES) xizmat muddati kamida 60 yilni tashkil etadi va u ishlab chiqaradigan elektr energiyasi narxi energiya manbalarining jahon bozoridagi tebranishlariga ancha kam bog‘liq bo‘ladi.

Atomga e’tibor qaratilishining yana bir muhim sababi — raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektning jadal rivojlanib borayotganidir. Butun Indoneziya bo‘ylab faol qurilayotgan ma’lumotlar markazlari aynan atom elektr stansiyalari (AES) ta’minlay oladigan katta hajmdagi barqaror va toza energiyaga muhtoj.
Shuni ham yodda tutish muhimki, bu mamlakat 17 mingdan ortiq oroldan tashkil topgan ulkan arxipelagdir. Ayniqsa, elektr energiyasi ko‘pincha qimmat dizel yoqilg‘isi yordamida ishlab chiqariladigan olis orollar uchun “Rosatom”ning noyob taklifi — suzuvchi atom energobloklari (SAEB) ayni muddao bo‘ladi. SAEBni geografik va seysmik xususiyatlar yoki elektr iste’molining cheklanganligi sababli yirik yerusti AESini qurish imkoni bo‘lmagan joylarga o‘rnatish mumkin.
Indoneziyada atom texnologiyalarini energetikadan tashqari sohalarda qo‘llash tajribasi bormi?
Ha, Indoneziya energetikaga oid bo‘lmagan yadroviy va radiatsion texnologiyalar sohasida yangi emas. Mamlakatda uchta tadqiqot reaktori faoliyat yuritadi. Ularning barchasi Yava orolida joylashgan bo‘lib, 1965, 1979 va 1987-yillarda ishga tushirilgan. Indoneziya ushbu reaktorlar uchun yoqilg‘i tayyorlash, shuningdek, ularda izotoplar ishlab chiqarish tajribasiga ega. Ayni paytda biz indoneziyalik hamkasblarimiz bilan shu yo‘nalishlardagi hamkorlikni ham muhokama qilmoqdamiz.
Iltimos, milliy atom infratuzilmasi qanday ko‘rinishga ega ekanligini aytib bersangiz.
Avval mavjud bo‘lgan BATAN Atom energiyasi bo‘yicha milliy agentligi energetik bo‘lmagan sohalarda atom texnologiyalaridan foydalanishni rivojlantirish bilan faol shug‘ullangan. 2021-yilda BATAN Milliy tadqiqot va innovatsiyalar agentligi (BRIN) tarkibiga kirdi va hozirda atom sohasidagi tadqiqotlar bilan BRINga qarashli alohida ilmiy-tadqiqot tashkiloti — ORTN shug‘ullanadi. Agentlik izotoplar va radiofarmatsevtik preparatlar ishlab chiqarish hamda mahsulotlarga radiatsion ishlov berish tajribasiga ega. Bundan tashqari, mamlakatda o‘zining atom regulyatori — BAPETEN mavjud bo‘lib, u MAGATE bilan faol hamkorlik qilib keladi. Atom energetikasini rivojlantirish uchun me’yoriy-huquqiy baza yaratilgan. Yadroviy yo‘nalish mamlakatning yetakchi oliy o‘quv yurtlarida: ITB, UGM, Politek Nuklirda o‘qitiladi.
Mamlakat hukumati atom energetikasini rivojlantirishni faol qo‘llab-quvvatlamoqda. Indoneziya prezidenti Prabovo Subianto bu masalani Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvlarda bir necha bor muhokama qilgan. Joriy yilning 12-may kuni Prabovo Subianto “Rosatom” rahbari Aleksey Lixachev bilan uchrashdi. Uchrashuvda prezidentdan tashqari, mamlakat yadroviy dasturining manfaatdor tomonlari hisoblangan vazirlar, asosiy idora va tashkilotlar rahbarlari ham qatnashdi. Ishtirokchilar tinch atom sohasidagi hamkorlik, jumladan, atom energetikasi va yadroviy infratuzilma loyihalari, kadrlar tayyorlash hamda atom texnologiyalaridan noenergetik maqsadlarda foydalanish masalalarini muhokama qildilar.
Indoneziya aholisi atomga qanday munosabatda?
Hamma ham atom texnologiyalarining afzalliklarini yaxshi bilmaydi, ko‘pchilikning ongida muayyan qo‘rquv va stereotiplar o‘rnashib qolgan. Shu bois atom energetikasini rivojlantirishdan manfaatdor tomonlar hozirgi asosiy vazifalardan biri – aholini zamonaviy AESlarning xavfsizligi, ularning mintaqa taraqqiyoti, fuqarolar farovonligi hamda milliy suverenitet uchun uzoq muddatli samarasi haqida xabardor qilish ekanini yaxshi anglaydi.
Shu nuqtai nazardan, atom texnologiyalarimizning amalda sinalganligi muhim ahamiyatga ega. Rossiyaning so‘nggi avlod AESlari mamlakatning o‘zida ham, xorijda ham muvaffaqiyatli ishlamoqda. “Rosatom” esa boshqa mamlakatlarda atom elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha noyob tajriba to‘plagan.
Iltimos, Indoneziyada atom texnologiyalarini ommalashtirish bo‘yicha olib borayotgan ishlaringiz haqida so‘zlab bersangiz.
Biz hamkorlarimizga Rossiya atom texnologiyalarining ishonchliligiga shaxsan guvoh bo‘lish imkoniyatini taqdim etamiz: buning uchun Rossiya loyihasi asosida qurilgan atom elektr stansiyalariga muntazam ravishda tashriflar uyushtirib turamiz. Jumladan, so‘nggi ikki yil ichida Indoneziyaning bir nechta rasmiy delegatsiyasi Kalinin va Leningrad AESlarida bo‘ldi. Indoneziyalik jurnalistlar guruhlari esa Pevek shahridagi suzuvchi atom elektr stansiyasiga (PATES) ikki marotaba tashrif buyurdi, shuningdek, Kalinin AESida, RITM kichik modulli reaktorlari ishlab chiqariladigan zavodda hamda “Atom” muzeyida ham bo‘lishdi.
Indoneziyalik o‘quvchi Priya Vichaksono va professor Topan Setiadipura uchun “Rosatom” tomonidan tashkil etilgan “Bilimlar muzyorari — 2025” xalqaro Arktika ekspeditsiyasida qatnashish unutilmas tajriba bo‘ldi. Ular 21 mamlakatdan kelgan maktab o‘quvchilari, talabalar va olimlar bilan birgalikda atom muzyorar kemasida Shimoliy qutbga yo‘l oldilar. Priya 2025-yilning 17-avgustida — Indoneziya mustaqilligining 80 yilligi nishonlanadigan va o‘zining tug‘ilgan kunida sayyoramiz “cho‘qqisi”ga milliy bayroqni o‘rnatdi.
Bundan tashqari, biz Indoneziyada yoshlar o‘rtasida atom texnologiyalari haqidagi bilimlarni ommalashtirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirmoqdamiz. Jumladan, BRIN va Tomsk politexnika universiteti bilan hamkorlikda Global HackAtom xalqaro talabalar tanlovining milliy bosqichini o‘tkazdik. Unda ishtirok etish uchun Indoneziyaning turli universitetlaridan 39 ta jamoa ariza topshirdi. Tanlov doirasida rossiyalik mutaxassislar mahalliy atom va radiatsiya texnologiyalari hamda ularning insonlar hayotini yaxshilashdagi o‘rni haqida ma’ruzalar qildi. Talabalar ko‘plab qiziqarli savollar bilan murojaat etdi. G‘olib bo‘lgan Pajajaran universiteti jamoasi Moskvadagi xakaton finaliga yo‘llanma olib, faxrli ikkinchi o‘rinni egalladi.
Indoneziyalik talabalarni Rossiyada “atom” mutaxassisliklari bo‘yicha o‘qitish — mamlakatimiz atom sanoati bilan yaqindan tanishishning samarali usulidir. Hozirda bu yo‘nalishda 29 nafar indoneziyalik talaba tahsil olmoqda. Kelgusi o‘quv yili uchun esa 13 ta grant o‘rni ajratilgan. Bitiruvchilarning Rossiyadagi o‘qish va amaliyot davomida orttirgan bilim va tajribasi Rossiya atom texnologiyalariga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, mamlakat aholisining keng qatlamlarini atom texnologiyalari bilan tanishtirib boryapmiz. Masalan, Janubi-Sharqiy Sulavesi provinsiyasidan bo‘lgan ikki nafar indoneziyalik baliqchi 2025-yilda “Rosatom” tomonidan tashkil etilgan “atom baliq ovi” – havaskor baliqchilarning xalqaro tanlovida ishtirok etdi. O‘tgan yili tanlov Turkiyadagi “Akkuyu” AES qurilish maydonchasi yaqinida o‘tkazildi va ishtirokchilar u yerga tashrif buyurib, mahalliy aholi bilan suhbatlashdi. Ular vataniga qaytgach, o‘z taassurotlarini do‘stlari va qo‘shnilariga so‘zlab berdi. Bu yilgi tanlov esa Rossiyadagi AESlardan biri yonida bo‘lib o‘tadi va biz unda indoneziyalik baliqchilarning ham qatnashishini kutyapmiz.
Iltimos, Indoneziyaning madaniy xususiyatlari haqida aytib bersangiz.
Indoneziyaliklar — juda samimiy va xushmuomala xalq. Ular tabassum, shirin so‘z va mehmondo‘stlikni ayashmaydi. Bu yerdagi korporativ madaniyatda qo‘pol yoki haddan tashqari rasmiy muloqotga yo‘l qo‘yilmaydi. Kasbiy muloqotda vazmin bo‘lmaslik, bosim o‘tkazish va murosasiz pozitsiyalarni egallash nomaqbul sanaladi. Hamkorlar muzokaralarda ham, ishbilarmonlik tadbirlarida ham qulay muhit yaratishga intiladilar.
Sheriklar o‘rtasidagi uzoq davom etadigan shaxsiy muloqot jarayonida shakllanadigan ishonch katta ahamiyatga ega. Aksariyat hollarda qarorlar birgalikdagi muhokamalar, bahs-munozaralar va murosaga kelish yo‘li bilan qabul qilinadi.
Indoneziyada ish jadvallari va muddatlariga nisbatan moslashuvchan bo‘lish kerak. Mahalliy madaniyatning yana bir o‘ziga xos jihati — to‘g‘ridan-to‘g‘ri rad javobining berilmasligidir. Hamkorlar bilan o‘rnatilgan shaxsiy ishonchli munosabatlar u yoki bu masala yuzasidan ularning asl mavqeyini anglashga yordam beradi. Shuningdek, gap mag‘zini chaqish va ishoralarni ilg‘ash qobiliyati rivojlanadi. Qolaversa, kerak bo‘lganda, bir masalani bir necha bor muhokama qilishdan, hamkorning fikrini aniq tushunib olish uchun qayta so‘rashdan va aniqlik kiritishdan cho‘chimaslik lozim.
Indoneziyaliklarda meni hayratga soladigan yana bir jihat — bu ularning o‘z madaniy merosiga nafaqat so‘zda, balki kundalik hayotda ham chuqur ehtirom bilan munosabatda bo‘lishidir. Xususan, aksariyat anjumanlar milliy liboslardagi raqs jamoasining chiqishi bilan boshlanadi va ular, odatda, Indoneziya xalqlari an’analariga asoslangan raqsni ijro etadi. Batik uslubida milliy naqshlar bilan ishlangan kiyim esa rasmiy dress-kod sifatida tan olingan. Bunday libos ishbilarmonlik uchrashuvlarida ham, eng yuqori darajadagi tadbirlarda ham ma’qullanadi. Hatto maktab o‘quvchilari ham haftada bir kun batik yoki an’anaviy ayollar kiyimi hisoblangan kebaya kiyib kelishi shart. Agar chet ellik kishi muzokaralarga uzun yengli batikda kelsa, bu hurmat belgisi sifatida qabul qilinadi.

