“Rosatom” 3D-printerlarining yangi imkoniyatlari
Yangiliklar jo'natmasiga obuna bo'lish.
Obuna boʻlish
#302Iyun 2026

“Rosatom” 3D-printerlarining yangi imkoniyatlari

tarkibga qaytish

“Rosatom” Hindistonga o‘zi ishlab chiqargan 3D-printerni ilk bor yetkazib berdi. Hamkorlar unda aerokosmik sanoat uchun detallar chop etadi. Shu tariqa bozor Rossiya davlat korporatsiyasi tomonidan yaratilgan uskunaga qiziqish borligini tasdiqladi. “Rosatom” additiv mahsulotlar turini kengaytirishni rejalashtirmoqda.

Uch o‘lchamli chop etishning afzalliklari murakkab shakldagi mahsulotlarni bir bosqichda tayyorlash, ularning og‘irligini kamaytirish, geometriyasini takomillashtirish hamda ishlatiladigan materiallar hajmini qisqartirish imkonini beradi. 3D-chop etish quyish va frezalashdan voz kechish, qimmatbaho qotishmalarga bo‘lgan ehtiyojni kamaytirish va materiallarni qayta ishlashga imkon berish hisobiga kichik turkumdagi mahsulotlarni tayyorlash muddatini qisqartiradi hamda ularning tannarxini pasaytiradi.

Katta RusBeam 2800

“Rosatom” Hindiston kosmik tadqiqotlar tashkilotiga sanoatda qo‘llanadigan RusBeam 2800 3D-printerini yetkazib berdi. Printer metall simni elektron-nur yordamida eritib qoplash (EBAM) texnologiyasi asosida ishlaydi. “Biz tenderda nafaqat Rossiya uskunasini, balki o‘z texnologik tajribamiz, materiallarimiz va xizmatlarimizni ham taklif etib, ularni buyurtmachi vazifalariga moslashtirgan holda g‘olib chiqdik”, — deya ta’kidladi “Rosatom” bosh direktori Aleksey Lixachyov. Shu tariqa “Rosatom” Rossiya va Hindistonning kosmik sohadagi strategik sherikligini rivojlantirishga muhim hissa qo‘shmoqda.

Uskuna titan, qiyin eruvchan qotishmalar va superqotishmalardan yirik o‘lchamli detallarni yuqori tezlikda (50 mm/s) va katta aniqlikda bosib chiqarishni ta’minlaydi. RusBeam 2800 balandligi 2,8 metrgacha va og‘irligi 4 tonnagacha bo‘lgan xomaki detallarni, jumladan, murakkab geometrik shakldagi qismlarni ham chop eta oladi. Uskunaning ish unumdorligi, mahsulot geometriyasiga qarab, massasi taxminan 50 kg bo‘lgan detallarni taxminan 5 soat ichida tayyorlash imkonini beradi. Hindistonlik buyurtmachi uchun “Rosatom” mutaxassislari printer boshqaruv tizimida noyob dasturiy ta’minot ishlab chiqdilar.

Hindiston kosmik tadqiqotlar tashkiloti mutaxassislari “RusBeam 2800” yordamida kelajakdagi orbital infratuzilma va uzoq koinotga parvoz qilish uchun mo‘ljallangan apparatlar, xususan, “Gaganyaan” kosmik kemasi, “Bharatiya Antariksh” kosmik stansiyasi va “Chandrayaan” oy missiyalari dasturi uchun prototiplar hamda butlovchi qismlar chop etishi kutilmoqda.

Hindistonlik mijoz bilan hamkorlik “Rosatom” 3D-printerlarining xalqaro bozordagi ishtiroki geografiyasini kengaytiradi. Avvalroq davlat korporatsiyasining uskunalari Minskdagi Additiv texnologiyalar markaziga (Belarus hamkorlar bilan qo‘shma korxona) yetkazib berilgan edi.

“Rosatom” to‘g‘ridan-to‘g‘ri metall qoplash (DMD) va sim bilan chop etish (EBAM, WAAM) texnologiyalari yordamida yirik o‘lchamli xomaki mahsulotlarni tayyorlash yo‘nalishini rivojlantirishda davom etadi: davlat korporatsiyasi mashinasozlar bu texnologiyalardan foydalanishni kengaytirib borishiga ishonchi komil.

Kichik RusMelt 150M

Ayni paytda “Rosatom” korporatsiyasi ixcham modellar hisobiga o‘zi ishlab chiqaradigan printerlar turini kengaytirmoqda. Xususan, joriy yilning may oyida Moskvada bo‘lib o‘tgan “Metallga ishlov berish-2026” ko‘rgazmasida davlat korporatsiyasi selektiv lazerli eritish (SLM) texnologiyasi bo‘yicha ishlaydigan RusMelt 150M printerini taqdim etdi. Ushbu printer tibbiyot, sanoat va ilmiy-tadqiqot faoliyatida qo‘llashga mo‘ljallangan. Uning yordamida tibbiy buyumlar (masalan, tish implantlari, stomatologik karkaslar va rekonstruktiv plastinalar), sanoat qismlari (forsunkalar, kronshteynlar va texnologik jihozlar) hamda laboratoriya, sinov va yordamchi uskunalarning elementlarini (tutqichlar, issiqlik almashgichlar, murakkab geometriyali mini-reaktorlar va hokazo) tayyorlash mumkin.

RusMelt 150М qurilmasining og‘irligi 900 kg dan sal ko‘proq, shu bois unga maxsus poydevor kerak emas. Qurilma ixcham bo‘lib, atigi bitta moduldan iborat. Ish kamerasining geometrik o‘lchamlari — diametri 150 mm va balandligi 200 mm. Printer bitta lazer bilan jihozlangan. Lazer nurini joylashuvga yo‘naltirishdagi xatolik 20 mikrondan oshmaydi.

RusMelt 150М zanglamaydigan po‘lat, issiqbardosh nikel va kobalt-xrom qotishmalari, shuningdek, titan va alyuminiydan soatiga 15 sm³ tezlikda buyumlar tayyorlaydi. Chop etish sifatini nazorat qilishga mo‘ljallangan videokuzatuv tizimi texnologik jarayonni real vaqt rejimida kuzatish imkonini beradi: u sekundiga yuqori aniqlikda 60 ta kadr oladi.

RusMelt 150M qurilish kamerasining ixchamligi va kichik hajmi tufayli kameradagi inert muhit uchun gaz, elektr energiyasi va chop etish uchun metall kukunini tejamkorlik bilan iste’mol qiladi. Kichik o‘lchamli SLM-printer metall 3D-chop etish sohasiga kirishni sezilarli darajada osonlashtiradi, chunki u nisbatan kichik sarmoya talab qiladi va loyihalarni tezda ishga tushirish imkonini beradi.