Rossiya atom elektr stansiyalaridan olinadigan foyda
Yangiliklar jo'natmasiga obuna bo'lish.
Obuna boʻlish
#295Noyabr 2025

Rossiya atom elektr stansiyalaridan olinadigan foyda

tarkibga qaytish

«Rosatom» do‘st mamlakatlarga texnologiyalarni ulashishga tayyor bo‘lib, yangi iqtisodiy tuzumning energetik va texnologik asosini yaratishda hamda hayot sifatini oshirishda yordam bermoqda. Davlat korporatsiyasining hamkorlari hozirdanoq, hatto AES qurilishi bosqichidayoq, bundan foyda ko‘rmoqda. Ushbu masalalar, shuningdek, Rossiya atom texnologiyalarining kosmosda qo‘llanilish istiqbollari to‘g‘risida 15-17 oktyabr kunlari Moskvada bo‘lib o‘tgan «Rossiya energetika haftaligi» (REH) xalqaro forumida muhokama qilindi.

«Rosatom» atom elektr stansiyalari qurilishi global bozorining 90 foizga yaqinini egallaydi. Dunyoda Rossiya loyihasidagi 110 ta energoblok qurilgan. «Rossiya yagona davlat sifatida yadro energetikasining butun zanjiri bo‘yicha yetuk malakaga ega. Chet ellarda qurilish olib borar ekanmiz, biz shunchaki inshootlar barpo etib qolmay, hamkorlarimiz bilan birgalikda energetika sohasi va unga aloqador tarmoqlarning kelajagini yaratmoqdamiz, butun davlatlarning rivojlanishi uchun mustahkam milliy kadrlar, ilmiy va texnologik poydevorini shakllantiryapmiz. Aynan shu asosda Misr, Bangladesh va Turkiyada AESlar quryapmiz. Biz BRIKS doirasida Janubiy yarimshardagi mamlakatlar bilan atom sanoati sohasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish niyatidamiz,» – deya ta’kidladi Rossiya prezidenti Vladimir Putin REH da.

«Rosatom»ning bu noyob mavqeini Rossiya atom sanoatining to‘liq o‘zini o‘zi ta’minlashi kafolatlaydi. «Rosatom» bosh direktori Aleksey Lixachev yalpi majlisda shunday dedi: «Boshqa hech bir boshqaruv tizimida uran qidirishdan tortib, uni qazib olishgacha, foydalanishdan chiqarishdan tortib ekologik loyihalargacha bo‘lgan barcha vakolatlar bir joyga jamlangan emas».

Rossiya atom sohasidagi mutaxassislari bu soha paydo bo‘lganidan buyon butun dunyo bo‘ylab ilmiy-tadqiqot va energetika reaktorlarini qurib, atom texnologiyalarini boshqalar bilan baham ko‘rib kelmoqda. «Baxtli kelajak qurmoqchi bo‘lgan mamlakatlar bilan texnologiyalarni o‘rtoqlashish bizning genetik kodimizga singib ketgan,» deya ta’kidladi Aleksey Lixachev.

Bugungi kunda «Rosatom» 24 ta blokni quryapti, Qozog‘istonda ikki blokli atom elektr stansiyasini qurish tanlovida g‘alaba qozondi, O‘zbekiston bilan loyihani kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishdi – u yerda olti ta kichik quvvatli blok o‘rniga ikkita katta va ikkita kichik quvvatli blok barpo etiladi. Belarus katta quvvatli uchinchi energoblokni qurish istagini bildirdi, Efiopiya bilan atom energiyasi obyektlarini qurish bo‘yicha yo‘l xaritasi imzolandi, yana bir nechta davlatlar bilan muzokaralar yakuniy bosqichga yetdi.

Ekspluatatsiya davridagi foydalar

«Rosatom» tomonidan qurilgan ikki blokli atom elektr stansiyasi tufayli Belarus Respublikasi toza energiya manbayiga ega bo‘ldi va uning yordamida elektr transport vositalari hamda issiqlik ta’minoti tizimini rivojlantirmoqda. Bu tizimlar elektr energiyasi ishlab chiqarishdan tortib harakatlantirgich va qozongacha to‘liq karbonsiz hisoblanadi. Mamlakatda hozirda 41 ming dona elektromobil mavjud bo‘lib, joriy yil yakuniga qadar ularning soni 50 mingtaga yetishi kutilmoqda.

Belarusda ko‘p qavatli uylar qurilmoqda va yakka tartibdagi uy-joylar elektr bilan isitish tizimiga o‘tkazilmoqda. Mamlakatning yirik shaharlarini issiqlik va elektr energiyasi bilan ta’minlab kelayotgan «BelEnergo» kompaniyasi o‘z tasarrufida umumiy quvvati 916 MVt bo‘lgan elektr qozonlarni o‘rnatdi.

Respublikada buning bilan cheklanib qolishmayapti va «Rosatom» bilan hamkorlikda raqamlashtirish, additiv texnologiyalar, yadro tibbiyoti, energiya saqlash tizimlari va boshqalarni rivojlantirmoqda. «Atom energiyasidan foydalanadiganlar nafaqat energetika xavfsizligini mustahkamlash, balki fuqarolar hayotining sifati va qulaylik darajasini oshirish uchun sharoit yaratish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ochig‘ini aytaman: atom energetikasi – bu taraqqiyot harakatlantiruvchisidir. Kimda atom energetikasi bo‘lsa, u doimo bir qadam oldinda yuradi,» – deya ta’kidladi Belarus Bosh vaziri o‘rinbosari Viktor Karankevich.

Qurilish bosqichidagi foydalar

Turkiya «Akkuyu» AESning qurilish bosqichidayoq foyda olmoqda. Turkiya energetika va tabiiy resurslar vaziri Alparslan Bayraktar ta’kidlaganidek, mahalliylashtirish, ya’ni turk kompaniyalari tomonidan ishlar bajarilishi, tovarlar va xizmatlar taqdim etilishi 50 foizdan oshiqni tashkil etmoqda. «Bu bizga ikkinchi va uchinchi loyihani yoki hatto Turkiyadan tashqaridagi loyihalarni rivojlantirishga yordam beradi. Ehtimol, Vengriyada yoki boshqa joylarda ham bizning kompaniyalarimiz ishtirok etishi mumkin,» – deya qo‘shimcha qildi u.

Jahon atom hamjamiyati atom elektr stansiyalarining umumiy o‘rnatilgan quvvatini uch barobarga oshirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ymoqda. Vazirning tushuntirishicha, buning uchun nafaqat moliyaviy mablag‘ va texnologiyalar, balki inson kapitali ham zarur. Turkiyada bu mavjud: Rossiyada yadroviy ta’lim olgan yuzlab yosh turk fuqarolari allaqachon «Akkuyu» atom elektr stansiyasida mehnat qilmoqda. Vazir so‘zlarini yakunlar ekan, «Inson kapitalini rivojlantirish – atom energetikasini barpo etish dasturimizning eng muhim qismi hisoblanadi,» deya ta’kidladi.

Atom sanoatining insonlar taqdiriga ijobiy ta’siri misolida MAGATE tomonidan Mariya Sklodovskaya-Kyuri nomidagi mukofot sovrindori, misrlik Sohayli Abudayfning hikoyasini keltirish mumkin. U Rossiyada oliy ma’lumot olib, Moskva fizika-texnika instituti aspiranturasini tamomlagan. Amaliyotni Novovoronej AESda o‘tagan. Hozirda Sohayli ishlab chiqarishdagi sanoat jarayonlarini avtomatlashtirish va raqamlashtirish bilan shug‘ullanmoqda. Shuningdek, u ilmiy loyiha ustida ishlayapti: hamkasblari bilan birgalikda ionlashtiruvchi nurlanish yordamida plastmassani qayta ishlash qurilmasini yaratgan.

Kosmik rejalar

RENda atom texnologiyalari kelajakning qiyofasini qanday shakllantirishi haqida ham so‘z yuritildi. Eng qiziqarli yo‘nalishlardan biri kosmos o‘zlashtirishdir. «Atom energiyasi Quyosh tizimining kalitidir. Kimyoviy dvigatellar bilan uzoqqa ucha olmaymiz va insoniyat Yer atrofidagi past orbitada aylanishga mahkum bo‘ladi,» deya ta’kidladi uchuvchi-kosmonavt Oleg Kononenko REHda.

«Rosatom» va «Roskosmos» Oyda atom elektr stansiyasi qurish ustida ish olib bormoqda. U yerda yashash, ishlash, tajribalar o‘tkazish, qutb kraterlaridan muz qazib olish, raketa yoqilg‘isi uchun kislorod va vodorod ishlab chiqarish hamda lazer aloqa tizimlarini energiya bilan ta’minlash uchun bu stansiya zarur. Uzoq kelajakda esa boshqa sayyoralardagi koloniyalarning hayot faoliyatini ta’minlash uchun atom reaktorlari yaratish ko‘zda tutilmoqda.

«Biz Oyda atom elektr stansiyasi qurish vazifasidan ilhomlanganmiz. Insoniyat hali bunday murakkab masalani hal qilmagan. Biroq, bu vazifalar kosmik milliy dasturga kiritilgani uchun, biz ularni albatta bajarishimiz shart,» dedi Aleksey Lixachyov.