BN-600 yubileyi
Yangiliklar jo'natmasiga obuna bo'lish.
Obuna boʻlish
#288Aprel 2025

BN-600 yubileyi

tarkibga qaytish

Bu yil Beloyarsk AES tez neytronli natriy sovutgichli BN-600 reaktoriga ega 3-blokni ishga tushirganiga 45 yil to‘ldi. Uning soha uchun ahamiyati beqiyos: unda suyuq metalli issiqlik tashuvchili reaktorlar bo‘yicha Rosatomni bugungi kunda yetakchiga aylantirgan muhandislik yechimlari sinovdan o‘tkazilgan. BN-600 da innovatsion reaktorlar uchun eng zamonaviy yoqilg‘i turlari sinovdan o‘tkazilmoqda. U o‘zining samaradorligini ko‘rsatishda davom etmoqda: mart oyining oxirida Rossiya nazorat organi «Rostexnadzor» 3-blokdan foydalanishni yana 15 yilga, 2040-yilgacha uzaytiruvchi litsenziya berdi.

Oldingi tarix

BN-600 Rossiya atom mutaxassislari tomonidan ishga tushirilgan natriyli issiqlik tashuvchili birinchi reaktor emas. Undan oldin tadqiqot reaktori BR-5 (quvvati 5 MVt), keyinchalik BR-10 (10 MVt) ga modernizatsiya qilingan, so‘ngra tadqiqot reaktori BOR-60 (quvvati 60 MVt, hozirgacha ishlaydi) va energetik BN-350 (1972-yil noyabrda birinchi marta tarmoqqa ulangan va 1999-yilda to‘xtatilgan) mavjud edi. Ammo BN-600 sovet ishlanmalari bilan suyuq metalli yo‘nalishning rivojlanishidagi yangi bosqich o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘tadi va bu yo‘nalishning tijorat atom energetikasidagi istiqbolliligini tasdiqladi.

BN-600 uchun ishlanmalar Rossiya atom sanoati asoschilaridan biri Aleksandr Leypunskiyning 1962-yil noyabr oyida bo‘lib o‘tgan konferensiyadagi ma’ruzasidan so‘ng boshlandi. O‘shanda u issiqlik tashuvchining haroratini va reaktorning issiqlik quvvatini bir yarim baravar, ya’ni 1 mingdan 1,5 minggacha oshirishni taklif qildi. 600 MVt elektr quvvati bilan ta’minlash uchun. G‘oya ma’qullandi va BN-600 energiya bloki SSSR atom energetikasini 1980-yilgacha rivojlantirish strategiyasiga kiritildi.

Konstruksiyaning xususiyatlari

Ishlab chiquvchilar reaktor korpusi ichiga nasoslar va oraliq issiqlik almashtirgichlarni joylashtirgan holda integral bakli kompanovkani qo‘lladilar. Bug‘ generatori uchun yangi turdagi po‘latlar ishlatildi. Balandligi 12,5 metr bo‘lgan reaktor korpusi himoya qobig‘i bilan birga diametri 15 metr bo‘lgan beton shaxtaga o‘rnatildi.

Faol zona perimetri bo‘yicha zaiflashgan uran dioksidli yig‘malardan iborat qayta ishlab chiqarish yon zonasi bilan o‘ralgan. Uning ortida faol zonadan olingan kassetalar uchun 126 ta kataklі ichki kasseta ombori joylashgan. Ushbu joyda kassetalar reaktordan chiqarilishidan oldin sovutiladi.

Issiqlik sxemasi uch konturli. Birinchi va ikkinchi konturlarda issiqlik tashuvchi natriy, uchinchisida suv. Natriy tufayli konstruksiyada elektromagnit nasoslar, natriy tozalash filtr-tutqichlari, uskunalar va quvurlar elektr isitish tizimlari, natriyga suvning sizib chiqishini tashxislash, bug‘ generatorining konturlararo nozichliklarida natriyning suv bilan o‘zaro ta’siri mahsulotlarini lokalizatsiya qilish, natriyni o‘t o‘chirish, uskunalar va ITSni natriydan yuvish va boshqalar qo‘llanilgan.

Yangi reaktorlarga yordam sifatida

BN-600 bloki qurilishi 1968-yilda boshlandi. 1980-yil aprel oyida yangi blok tarmoqqa ilk bor elektr energiyasi uzatdi. 1981-yil dekabr oyida «boshlang‘ich muammolar» – ya’ni, murakkab yangi AES loyihalarida uchraydigan kamchiliklar (yoqilg‘i elementlarining germetikligini yo‘qotishi, payvand joylarida suyuqlik sizishi, nasoslar va armaturalar bilan bog‘liq muammolar va hokazo) bartaraf etilgach, reaktor to‘liq quvvatda ishlay boshladi.

Ish davomida blok uskunalari va BN-600 uchun yoqilg‘i bir necha marta takomillashtirildi. 1980-yillarning ikkinchi yarmida faol zona avvalgi ikkita emas, balki uchta boyitish variantiga ega bo‘lgan yig‘malardan tuzila boshlandi. 1991-1993-yillarda yig‘malar uchun radiatsiyaga chidamliroq konstruksion materiallar qo‘llanila boshlandi. Bu choralar og‘ir atomlarning yonishini 7 foizdan 11,3 foizgacha oshirish imkonini berdi. Hozirda, keyingi takomillashtirishlar tufayli ham, yonish darajasi 11,8 foizni tashkil etmoqda.

BN-600 da oksid yoqilg‘i ishlatilgan. Reaktorda, shuningdek, ko‘plab turdagi eksperimental issiqlik ajratuvchi elementlar (IAE) sinovdan o‘tkazilmoqda: asosan tabletkalar va vibratsion zichlangan sterjenlar ko‘rinishidagi MOKS-yoqilg‘i (ya’ni uran va plutoniy aralashmasi) bilan. Bu sinovlar dunyodagi yagona to‘liq shu yoqilg‘ida ishlaydigan tez reaktor – BN-800 uchun MOKS yoqilg‘isini tanlash va xavfsizligini asoslashga yordam berdi. BN-800 da, shuningdek, yadro yoqilg‘i siklini yopish maqsadidagi «Proryv» loyihasi doirasida qo‘rg‘oshinli issiqlik tashuvchili BREST-OD-300 reaktorida qo‘llaniladigan SNUP yoqilg‘ili yig‘malar ham sinovdan o‘tkazilmoqda.

Uzoq muddatli ish qobiliyati

2010-yil aprel oyida 3-blokning loyihaviy foydalanish muddati tugadi. Ammo, ekspluatatsiyani davom ettirish qaror qilingani bois, oldindan muddat uzaytirish ishlari bajarildi: bug‘ generatorlari va bug‘-suv armaturasi modullari yangilandi, aylanma nasoslardan biri hamda bug‘ turbinasi ta’mirlandi, ayrim texnologik tizimlar zamonaviylashtirildi va boshqa ishlar amalga oshirildi. Nazorat organi blokning xizmat muddatini 10 yilga, 2020-yil 31-martgacha uzaytirish uchun ruxsatnoma berdi. Keyinchalik, 2020-yil 1-aprelda Beloyarsk AES yana 5 yilga foydalanishni davom ettirish uchun qo‘shimcha ruxsatnoma oldi.

Atom sanoatining 80 yilligi nishonlanayotgan yilda, 31-mart kuni BN-800 «Rostexnadzor»dan yana 15 yil ishlash uchun ruxsatnoma oldi. Blokning ishonchliligi nazorat qiluvchi organ tomonidan o‘tkazilgan keng qamrovli tekshiruv natijasida tasdiqlandi.

«Beloyarsk AESning 3-energobloki atom energetikasi kelajagi uchun hal qiluvchi bo‘g‘in hisoblanadi. Aynan shu yerda ishlatilgan yadro yoqilg‘isi – MOKS yoqilg‘isi asosidagi birinchi yig‘malar sanoat sinovlaridan o‘tkazilgan bo‘lib, hozirda faol zonada kelajakdagi to‘rtinchi avlod BN-1200M va BREST energiya bloklari yoqilg‘isi va materiallarining yuqori sifatini tasdiqlash uchun yangi yig‘malar joylashtirilgan. Bundan ham muhimroq jihat shundaki, xodimlarimiz tez neytronli reaktorlarni ishonchli tarzda ishlatish jarayonida bebaho bilim va tajribaga ega bo‘lishdi,» – deya ta’kidladi Beloyarsk AES direktori Ivan Sidorov