O‘zbekiston sur’atida
Yangiliklar jo'natmasiga obuna bo'lish.
Obuna boʻlish
#290Iyun 2025

O‘zbekiston sur’atida

tarkibga qaytish

O‘zbekistondagi KQAES  ishga tushirishga yana bir qadam yaqinlashdi: «Rosatom» mashinasozlik bo‘linmasiga qarashli «AEM-Spetstal» metallurgiya zavodida 205 tonna og‘irlikdagi maxsus legirlangan po‘lat quyma tayyorlandi. Keyinchalik bu quymadan mamlakatning Jizzax tumanida quriladigan stansiyaning birinchi reaktori uchun detal yasaladi.

Bu qanday sodir bo‘ladi?

Po‘lat quyish jarayoni juda ta’sirchan va ulkan ko‘lamli ko‘rinadi. Power Uzbekistan 2025 xalqaro ko‘rgazmasi davomida bu jarayonning namoyish etilgani ajablanarli emas. Ko‘rgazma tashrif buyuruvchilari «Rosatom» uchun navbatdagi va O‘zbekiston loyihasi uchun birinchi bo‘lgan RITM-200N reaktor qurilmasining ishlab chiqarilishi boshlanishini jonli efirda kuzatib bordilar.

Reaktorlar uchun po‘lat quyish «Rosatom» metallurglariga yaxshi tanish jarayondir. Ular yoyli po‘lat eritish majmuasida eritmani olishadi, uni legirlashadi va tozalashadi. Yakuniy tarkib harorati 1600 °C dan oshiq bo‘lgan quyish cho‘michida shakllanadi. So‘ngra po‘lat vakuum kamerasiga quyiladi, u yerda metall ikki kun davomida 550-650 °C haroratgacha soviydi. Keyin quyma temirchilik-presslash sexiga bolg‘alash uchun yetkaziladi. Bu quymadan reaktor korpusining muhim qismi – yuqori blok qopqog‘ini asosiy tuzilma bilan bog‘lovchi flanes tayyorlanadi. Barcha texnologik jarayonlar yakunlangach, tayyorlangan mahsulot reaktor korpusini yig‘ish uchun bo‘limning boshqa korxonalariga jo‘natiladi.

RITM-200 ning o‘ziga xos xususiyatlari

«Rosatom» mashinasozlik bo‘linmasida RITM-200 reaktorlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Bunday reaktor qurilmalarining ikkitasi foydalanishga topshirilgan 22220-loyihadagi «Arktika», «Sibir», «Ural» va «Yakutiya» atom muzyorarlarga o‘rnatilgan. Yana ikkitasi Sankt-Peterburgdagi kemasozlik korxonasida qurilayotgan «Chukotka» atom muzyorari uchun tayyorlangan. Mart oyida «Leningrad» muzyorari uchun RITM-200 yig‘ish ishlari boshlandi. «Mashinasozlik bo‘linmasi korxonalari RITM seriyali reaktor qurilmalarini ishlab chiqarish bo‘yicha zarur quvvat va tajribaga ega. Bu qurilmalar bir necha yildan buyon muzyorar flotida muvaffaqiyatli ishlamoqda. Bizning bilim va malakamiz O‘zbekistondagi KQAES uchun barcha oltita RITM-200N reaktor qurilmalarini ishlab chiqarishda qo‘llaniladi,» deya ta’kidladi «Rosatom» mashinasozlik bo‘linmasi rahbari Igor Kotov.

RITM-200N – RITM-200 kemasi reaktorining quruqlikka moslashtirilgan ko‘rinishi. Qurilmaning quvvati 55 MVt bo‘lib, loyihaviy xizmat muddati 60 yilni tashkil etadi. O‘zbekistondagi kichik modulli atom elektr stansiyasi uchun shunday oltita reaktor ishlab chiqariladi.

RITM-200N ning asosiy afzalliklari minimal o‘lchamli integral bug‘ ishlab chiqarish bloki, energiya resursi oshirilgan innovatsion faol hudud va ixcham issiqlik almashinuv yuzasiga ega bug‘ generatoridir. Normal ekspluatatsiya va xavfsizlik tizimlarining tuzilishi zamonaviy xavfsizlik, o‘z-o‘zini himoya qilish va ekologik talablarga javob beradi, texnik xizmat ko‘rsatish qulayligi va qurilmaning boshqa iste’mol xususiyatlarini ta’minlaydi. Mashinasozlik divizioniga kiruvchi «OKBM Afrikantov» korxonasining to‘rt nafar xodimi RITM-200 ni ishlab chiqqanligi uchun Rossiya Federatsiyasi hukumatining fan va texnika sohasidagi mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Imzodan qurilish ishlarigacha

O‘zbekistonda kichik modulli atom elektr stansiyasini (KQAES) qurish bo‘yicha shartnoma 2024-yil mayda imzolandi. Bu O‘zbekistonda atom elektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga o‘zgartirishlar kiritilganidan keyin amalga oshirildi. KQAES Jizzax viloyatida barpo etiladi. O‘sha yilning iyun oyida stansiya maydonida KQAESni qurish bo‘yicha shtabning birinchi yig‘ilishi o‘tkazildi. Joriy yil aprelida esa qurilish-montaj bazasini barpo etish ishlari boshlandi. Bu bazada ma’muriy va ishlab chiqarish binolari (jumladan, yirik qismlarni yig‘ish sexi) hamda ombor joylashtiriladi.

May oyi boshida «O‘zatom» agentligi xabar berganidek, tezkor shtab va ilmiy-texnik kengashning qo‘shma yig‘ilishida yer uchastkalari ajratish, infratuzilma ta’minoti va ish rejasining bajarilishi muhokama qilindi. Ilmiy-texnik kengash muhandislik tadqiqotlari natijalarini ko‘rib chiqib, KQAESni joylashtirish sxemasini tasdiqladi, shuningdek KQAES uchun yadro yoqilg‘isi ishlab chiqarishda O‘zbekiston uranidan foydalanish imkoniyatini ma’qulladi. Bundan tashqari, stansiya maydonida loyiha hujjatlariga asos bo‘ladigan seysmik kuzatuvlar, aerometeorologik, gidrogeologik va gidrologik tadqiqotlar olib borilmoqda.

«Innoprom. Markaziy Osiyo» sanoat ko‘rgazmasida «Rosatom» bosh direktori Aleksey Lixachyov O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga yer usti KQAES maketini taqdim etdi. «O‘zbekiston bugungi kunda ham hamkorlikning ko‘plab yo‘nalishlarida «Rosatom»ning asosiy sherigiga aylangan. O‘tgan yilning may oyida Jizzax viloyatida Rossiya loyihasi asosida umumiy quvvati 330 MVt bo‘lgan kichik quvvatli atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha imzolangan shartnoma KQAES qurilishi bo‘yicha dunyodagi birinchi eksport shartnomasi bo‘ldi. Bu esa O‘zbekistonning past uglerodli texnologiyalarni rivojlantirishdagi peshqadamligi hamda mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi yaqin, ishonchli munosabatlarning yaqqol isbotidir,» deya ta’kidladi Aleksey Lixachyov.