«Tezkorlar» ko‘rigi
tarkibga qaytish“Rosatom” olimlari va rahbarlari 18–21-may kunlari Xitoyda bo‘lib o‘tgan MAGATEning tezkor reaktorlar va ular bilan bog‘liq yoqilg‘i sikllariga bag‘ishlangan xalqaro anjumanida (FR-26) ishtirok etdilar. Rossiyalik atomshunoslar kelajak atom energetikasidagi tezkor reaktorlar sohasiga oid o‘z konsepsiya va ishlanmalarini taqdim etdilar.
Ushbu anjuman shu yo‘nalishdagi beshinchisi bo‘lib, “Innovatsiyalardan joriy etish sari” mavzusiga bag‘ishlandi. Yalpi majlisda anjumanning faxriy raisi, “Rosatom”ning “Proriv” loyiha yo‘nalishi ilmiy rahbari Yevgeniy Adamov ishtirokchilarga murojaat qildi. “Bugungi kunda IV avlod yadro-energetika texnologiyalarini yaratishda Rossiya va Xitoy peshqadamlik qilmoqda hamda MAGATEning tezkor reaktorlarga bag‘ishlangan beshta anjumanidan ikkitasining aynan shu mamlakatlarda o‘tkazilishi buning qonuniy e’tirofidir”, — deya ta’kidladi u.
Yevgeniy Adamov, shuningdek, jahon atom sanoati oldida turgan muammolarni ham eslatib o‘tdi. Bular jumlasiga uran tanqisligining ortib borayotgani, uning energetik salohiyatidan yetarlicha foydalanilmayotgani, ishlatilgan yadro yoqilg‘isi muammosi halining kechiktirilayotgani, yadro qurolining tarqalmasligi hamda atom energetikasining raqobatbardoshligi hammaga ham ayon emasligi kiradi.
IV avlod tez reaktorlarni tanlaydi
Yevgeniy Adamov ta’kidlaganidek, tez neytronli reaktorlarga asoslangan yangi atom texnologik platformasi bu chaqiriqlarga javob bera oladi. Aynan shunday platforma “Proriv” loyihasi doirasida Severskda joriy etiladi. U yerda qo‘rg‘oshinli issiqlik tashuvchida ishlaydigan BREST-OD-300 reaktor qurilmasiga ega bo‘lgan tajriba-namoyish energetika majmuasi (TNEM) hamda yonilg‘ini fabrikatlash-refabrikatlash va ishlatilgan yadro yoqilg‘isini qayta ishlash modullarini o‘z ichiga olgan stansiyaoldi kompleksi qurilmoqda.
Tez neytronli reaktorlar va yopiq yadro yoqilg‘isi sikli asosidagi IV avlod tizimlarining atom energetikasi jozibadorligini oshirish hamda uning ming yillar davomidagi barqaror global energiya ta’minotiga qo‘shadigan hissasini ko‘paytirish imkoniyatlari to‘g‘risida yalpi majlisda “Rosatom” bosh direktori o‘rinbosari, atom energetikasining yangi mahsulotlarini rivojlantirish bo‘yicha mas’ul Aleksandr Lokshin ham so‘z yuritdi. “Yopiq yoqilg‘i sikliga ega tez neytronli reaktorlar – bu shunchaki atom energetikasi samaradorligini oshirish vositasi emas, balki uning uzoq muddatli mavjudligining shartidir”, – deya ta’kidladi u.

Rossiya tezkor atom texnologiyalari sohasida azaldan yetakchi sanaladi. Mamlakatimizda 1980-yildan buyon Beloyarsk AESning BN-600 tez neytronli reaktoriga ega 3-energobloki faoliyat yuritmoqda. U nafaqat elektr energiyasini xavfsiz ishlab chiqarish, balki yoqilg‘ini tadqiq qilish uchun ham qo‘llaniladi. 2015-yildan boshlab esa energiya tizimida BAESning BN-800 reaktorli 4-energobloki ishlab turibdi. Bugungi kunda bu aralash uran-plutoniyli MOX-yoqilg‘isida ishlaydigan dunyodagi yagona tijoriy energoblokdir. Shuningdek, undan yadro yoqilg‘isi siklini yopish uchun zarur bo‘lgan yangi turdagi yoqilg‘ilarni tadqiq etishda ham foydalaniladi.
Beloyarsk AESda tez neytronli reaktorlarga ega energobloklar qurilishi davom etadi. Hozirda BN-1200 reaktorli 5-energoblok qurilishini boshlashga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Umuman, elektr energetikasi obyektlarini joylashtirishning 2042-yilgacha mo‘ljallangan amaldagi Bosh sxemasiga muvofiq, Rossiyada tez neytronli reaktorlarga ega to‘qqizta energoblok barpo etish rejalashtirilgan.
“Minor” yoqilg‘i
Shu bilan birga, “Rosatom” IV avlod tizimlari uchun ham yoqilg‘i ishlab chiqmoqda. Jumladan, aprel oyida Beloyarsk AESning 4-sonli energoblokida, tarkibida ishlatilgan yadro yoqilg‘isining (IYY) eng radiotoksik va uzoq saqlanuvchi sun’iy transuran komponentlari — minor aktinidlar qo‘shilgan uran-plutoniyli MOX-yoqilg‘isidan tajriba-sanoat maqsadida foydalanish bo‘yicha dunyodagi ilk dastur nihoyasiga yetdi. Bu yerda gap, birinchi navbatda, neptuniy, ameritsiy va kyuriy haqida ketmoqda. Ularning tez reaktorlarda yondirilishi IYYni saqlash muddatini va chuqur geologik ko‘mishni talab etadigan chiqindilar hajmini keskin qisqartiradi.
“Reaktorda minor aktinidlarni yondirish – bir martalik tajriba emas, balki uzoq muddatli strategiyadir. Ushbu yechimni sanoat miqyosiga tatbiq etishdan avval biz bu g‘oyaning texnologik jihatdan ish berishini namoyish etamiz”, — deb ta’kidladi “TVEL” AJning ilmiy-texnikaviy faoliyat bo‘yicha katta vitse-prezidenti Aleksandr Ugryumov.
Navbatdagi bosqichda “TVEL” mutaxassislari MOX-yoqilg‘ili tajriba yig‘imlaridagi minor aktinidlar miqdorini oshirishni, tez reaktorlar uchun mo‘ljallangan nitridli SNUP-yoqilg‘isiga minor aktinidlarni qo‘shishni hamda geterogen yondirishni sinab ko‘rishni rejalashtirmoqda. Bu usulda minor aktinidlar uran-plutoniy yoqilg‘isi tarkibiga kiritilmay, balki reaktorning muayyan zonalariga o‘rnatiladigan alohida tvel yoki alohida yig‘imlarga joylanadi.
“Rosatom” tarkibiga kiruvchi Jeleznogorskdagi kon-kimyo kombinatida sanoat miqyosida kichik aktinidlarni yondirish texnologiyasini ishlab chiqish uchun tadqiqot suyuq tuzli reaktorini qurish rejalashtirilmoqda.

