Afrika Rossiya atomi bilan tanishmoqda
Yangiliklar jo'natmasiga obuna bo'lish.
Obuna boʻlish
#268Avgust 2023

Afrika Rossiya atomi bilan tanishmoqda

tarkibga qaytish

Iyul oyining oxirida Sankt-Peterburgda “Rossiya-Afrika” ikkinchi iqtisodiyot va gumanitar forumi bo’lib o’tdi.  Rosatom, forumning bosh sherigi, Afrikalik sheriklar bilan atom texnologiyalarini e`tirof etish va tatbiq qilish va mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan beshta bitim imzoladi.

Afrika energiya tanqisligi qit`asidir. Hozir Yerning har beshinchi aholisi afrikalik bo’lib, bunda o’tgan yili sayyorada ishlab chiqarilgan 30 trillion kVt•s dan Afrika hissasiga 1 trln dan kamrog’i tog’ri keldi. Qit`a aholisi o’sib bormoqda – 2050 yilga kelib afrikaliklarning ulushi butun dunyo aholisining uchdan bir qismigacha o’sadi. Agar ishlab chiqarish hajmi oshmasa, sanoat va axborot texnologiyalari rivojlanmasa, hayot sifati yomonlashadi, bu esa migratsiya ko’payishiga  va ijtimoiy portlashlarga olib keladi.

Afrika davlatlari hukumatlari  atom energiyasini ishonchli ishlab chiqarish manbai sifatida baholamoqda. “Biz ehtiyojlarimizni ta`minlash uchun atom energiyasidan foydalanishni ko’rib chiqmoqchimiz. Mamlakat aholisining atigi 70 foizi elektr energiyasidan foydalanish imkoniyatiga ega va biz bu ulushni oshirishga umid qilamiz. Bizga ishonchlilik va barqarorlik kerak. Atom energetikasi biz uchun juda muhim qaror bo’lib tuyuladi, shuning uchun biz bu yo’lga kirdik”, dedi Rwanda Atomic Energy Board bosh direktori Fidel Ndaxayo “Atom texnologiyalari Afrika taraqqiyoti uchun” yalpi sessiyasida.

Forum davomida Burundi prezidenti Evarist Ndayishimiye atom texnologiyalari qanday ishlashini shaxsan ko’rib chiqishga qaror qildi – u Leningrad atom elektr stantsiyasiga bordi, u yerda LAES-2 bosh muhandisi Aleksandr Belyayev unga va Burundi hukumati a`zolariga VVER-1200 reaktorli energiya bloklari bo’ylab ekskursiya o’tkazdi, boshqaruv blokini, turbinali zalni ko’rsatdi va stantsiyaning noyob xavfsizlik tizimlari haqida gapirib berdi. “Biz hududning beshdan bir qismini elektrlashtirdik. Biz GRESni jadal qurmoqdamiz, ammo bizga atom elektr stantsiyasining har bir energiya bloki o’nlab elektr stantsiyalarimizning quvvatini yetkazib berishini aytishganda, bu juda hayratlanarli edi”, dedi Burundi suv zahiralari, energetika va tog’–kon vaziri  Ibraxim Uvizeye ekskursiyadan so’ng.

Ertasiga esa, 27 iyulda, Rosatom Burundi bilan ikkita hujjatni imzoladi. Birinchisi – atom energetikasida kadrlarni o’qitish va tayyorlash bo’yicha memorandum. U ixtisoslashtirilgan ta`lim muassasalarining o’zaro hamkorligini, qisqa muddatli ta`lim dasturlarini tashkil etishni, o’qituvchilarni o’qitish va qayta tayyorlashni, o’quv va ilmiy adabiyotlarni ishlab chiqishni ko’zlaydi. Ikkinchi hujjat – atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanishda hamkorlik to’g’risidagi bitim. Bu Burundi yadro infratuzilmasini yaratish va takomillashtirish, yadro va radiatsiya xavfsizligini tartibga solish, fundamental va amaliy tadqiqotlar, radioizotoplarni ishlab chiqarish va ulardan sanoat, tibbiyot va qishloq xo’jaligida foydalanish haqida. Shuningdek, tomonlar radiatsiya texnologiyalarini  yadro tibbiyotida, ta`limda va mutaxassislarni tayyorlashda ham qo’llashda hamkorlik qilishga kelishib oldilar.

Rosatom  yana bir shunday hamkorlik shartnomasini Zimbabve hukumati bilan imzoladi.

Shu bilan birga, 27 iyul kuni Rosatom Efiopiya bilan atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasida hamkorlikni rivojlantirish bo’yicha yo’l xaritasini imzoladi. 2023-2025 yillarda tomonlar katta yoki kam quvvatli AES va Yadro fanlari va texnologiyalari markazini qurish imkoniyatlarini ishlab chiqadilar. Yo’l xaritasi doirasida ixtisoslashtirilgan ishchi guruhlar tashkil etiladi, texnik sayohatlar va seminarlar o’tkaziladi, Efiopiyada yadro infratuzilmasini rivojlantirish rejalashtirilgan.

Rosatomga kiruvchi “Rusatom infratuzilma yechimlari” kompaniyasi Marokashning Water And Energy Solution firmasi bilan o’zaro anglashuv memorandumini imzoladi. Tomonlar tuzsizlantirish, suvni tayyorlash va suvni tozalash bo’yicha loyihalarni amalga oshirish orqali hamkorlik qilish niyatida. “Rossiya Federatsiyasi o’z so’zida turibdi va qo’lini cho’zishga, mamlakatlarimiz bilan o’z nou-xaularini baham ko’rishga tayyorligini namoyish etmoqda. Rosatom Marokash Qirolligida ishlashni tanlaganligi, biz bir – birimizga va odamlarga yordam berib, ularni arzon narxlarda toza suv bilan ta`minlab, birgalikda rivojlana olishimizning va buni xohlashimizning ajoyib dalilidir”, dedi Water And Energy Solutions Direktorlar kengashi raisi Mohammed Amin Sherkaui.

Atom texnologiyalarining rivojlanishi iqtisodiy va ijtimoiy vaziyatni yaxshilashini, bilimlarning to’planishiga yordam berishini va malakali mutaxassislarga martaba istiqbollarini taqdim etishini Misr atom elektr stantsiyalari boshqarmasi direktorlar kengashi raisi Amged El-Vakil tasdiqladi: “Keng sanoatlashtirish dasturining bir qismi bo’lgan loyiha mahalliy sanoat uchun imkoniyatlarni kengaytirib, shu bilan birga ularni yuqori malakali mutaxassislar uchun yaratib,  Misrga ijobiy ta`sir ko’rsatmoqda”. Bunday imkoniyatlardan biri – El-Dabaadagi maxsus yadro maktabida ishtirok etishdir.

Eslatib o’tamiz, Rosatom Misrda VVER-1200 reaktorlarili to’rt blokli “El-Dabaa” atom elektr stantsiyasini qurmoqda. Bu Afrikadagi ikkinchi atom elektr stantsiyasi – birinchisining, Koebergning bloklari 1984- va 1985-yillarda tarmoqqa ulangan. Aytgancha, TVEL (Rosatom yoqilg’i bo’limi) avgust oyi boshida Janubiy Afrika atom energiyasi korporatsiyasi (Nesca) bilan o’zaro anglashuv memorandumini imzoladi – tomonlar yadro yoqilg’isi va uning tarkibiy qismlarini ishlab chiqarishda hamkorlik qiladilar. Umuman olganda, Rosatom Afrikaning yigirma mamlakati bilan hamkorlik qiladi  va turli loyihalar (uran qidirish va qazib olish, yadro tibbiyoti, yadro tadqiqotlari va texnologiyalari markazlarini tashkil etish va boshqalar) olib boradi.

Rossiya atom texnologiyalarining imkoniyatlari bilan nafaqat Afrika mamlakatlari va ixtisoslashgan idoralar rahbarlari, balki kelajakdagi yosh mutaxassislar ham tanishdilar. “Yadro fizikasi masalalariga qiziqqaningizdan juda xursandman, chunki mamlakatimiz bu borada katta tajribaga ega. Biz bir necha yil ichida Obninskda turli mamlakatlardan kelgan odamlar uchun ta`lim va malaka oshirish uchun diqqatga sazovor joy bo’lgan katta xalqaro markazni tashkil qilishni kutmoqdamiz”, dedi Rossiya fan va oliy ta`lim vazirining o’rinbosari Konstantin Mogilevskiy  “Rossiya – Afrika: yadro ta`limi mintaqani muvaffaqiyatli rivojlantirish uchun potentsial sifatida” yoshlar forumida.

Shuningdek, forum doirasida qizlar o’rtasida ilmiy-texnik mutaxassisliklarni ommalashtirish va kasb tanlashda ularni qo’llab-quvvatlashga qaratilgan “STEMdagi ayollar” mentoring-sessiyasi bo’lib o’tdi. Hozirgacha dunyoda, noto’g’ri qarashlar tufayli, hatto mukammal texnik ma`lumotga ega bo’lgan ayollar ham har doim ham o’z mutaxassisliklari bo’yicha ishlashga bormaydilar.

Rossiya atom sanoati bilan tanishishning turli formatlari Rossiya va xususan Rosatom va Afrika mamlakatlari o’rtasida ishonchli munosabatlarni o’rnatishga qaratilgan edi. “Atom sohasidagi davlatlararo hamkorlik masalasi har doim birinchi shaxslar – davlat va hukumat rahbarlarining kun tartibida bo’ladi. Shu bilan birga, hamkorlik mamlakatlar o’rtasida jiddiy ishonch munosabatlari mavjud bo’lgan taqdirdagina muvaffaqiyatli amalga oshirilishi mumkin. Atom energiyasining kuchi uni faqat tadbirkorlik nuqtai nazaridan ko’rib chiqish uchun juda katta”, dedi davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyov forumda.