MBIRning jozibadorligi
Yangiliklar jo'natmasiga obuna bo'lish.
Obuna boʻlish
#299Mart 2026

MBIRning jozibadorligi

tarkibga qaytish

Natriy issiqlik tashuvchisi bilan tez neytronlarda ishlaydigan ko‘p maqsadli MBIR tadqiqot reaktori xalqaro ilmiy hamjamiyatning tobora ortib borayotgan qiziqishiga sabab bo‘lmoqda. Bu bejiz emas: reaktor noyob xususiyatlarga ega bo‘ladi va unda o‘ziga xos tajribalarni amalga oshirish imkoniyati paydo bo‘ladi.

MBIR dunyodagi eng qudratli tadqiqot reaktorlaridan biriga aylanadi: uning issiqlik quvvati 150 MVtni tashkil etadi. Reaktor “Rosatom”ning Ulyanovsk viloyati Dimitrovgrad shahridagi ilmiy instituti maydonida qurilmoqda. 2025-yilda issiqlikni avariyaviy tarzda chiqarib yuborish tizimi konturining sovuq filtr-qopqonlari loyihaviy holatga keltirildi, reaktor korpusiga issiq quvurlar o‘tkazgichlari hamda birinchi quvur bloklarini payvandlash ishlari yakunlandi, natriy ombori binosida esa asosiy texnologik uskunalar o‘rnatildi. Maydonga qayta yuklash mexanizmi va ishlatilgan issiqlik ajratuvchi g‘iloflarni bug‘-suv bilan yuvish uyalari olib kelindi. 2026-yilda og‘irligi 7,3 tonna, balandligi 5 metr va diametri 1,5 metr bo‘lgan ikkita avariyaviy issiqlik almashgich loyihaviy holatga o‘rnatildi, shuningdek, reaktorning birinchi konturi uskunalarini montaj qilish ishlari davom etmoqda.

Katta imkoniyatlar

MBIRda ikki komponentli atom energetikasi texnologiyalarini ishlab chiqish va takomillashtirishga, IV avlodga mansub xavfsiz tizimlarni yaratishga hamda yadro yoqilg‘isi siklini yopishga qaratilgan tajribalarni o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Xususan, metall issiqlik tashuvchili reaktorlar, suyuq tuzli reaktorlar, yuqori haroratli gaz bilan sovutiladigan reaktorlar va boshqa innovatsion loyihalar uchun konstruksion materiallar hamda yoqilg‘i kompozitsiyalarini tadqiq etish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, reaktorda izotoplar ham ishlab chiqariladi.

MBIR — Xalqaro tadqiqotlar markazining asosiy tarkibiy qismidir. Ushbu konsorsium ishtirokchilari tadqiqotlar o‘tkazish uchun reaktor quvvatlaridan ustuvor foydalanish imkoniyatini qo‘lga kiritadilar. 2025-yil iyul oyida konsorsiumga O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi instituti qo‘shildi. Dekabrda — Xitoyning Shanghai ZDAN International Co. kompaniyasi, 2026-yil fevralda esa Atom energiyasi bo‘yicha arab agentligi a’zo bo‘ldi.

«Bu biz uchun atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish bo‘yicha Arab strategiyasini amalga oshirishda muhim qadamdir. Hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvning imzolanishi asosiy loyihalarimizni rivojlantirish uchun aniq dastak beradi», — deb ta’kidladi Arab atom energiyasi agentligi bosh direktori doktor Salim Hamdiy. Gap nafaqat amaliy yoki fundamental fan, balki arab mamlakatlari iqtisodiyoti va hayot sifatiga bevosita hissa qo‘shish haqida ham ketmoqda. «Masalan, XIMT MBIR bilan hamkorligimiz ekologik xavfsizlik uchun o‘ta muhim bo‘lgan radioaktiv chiqindilarni boshqarish bo‘yicha mintaqaviy tizim yaratish loyihasini tezlashtirishga yordam beradi. MBIR reaktoridagi qo‘shma tadqiqotlar esa sog‘liqni saqlash sohasida onkologik kasalliklarni tashxislash va davolash uchun radiofarmatsevtika preparatlarini ishlab chiqishda yangi imkoniyatlar ochadi», — dedi Salim Hamdiy. Shuningdek, tadqiqot infratuzilmasidan foydalanish imkoniyati bo‘lajak Ixtisoslashtirilgan arab o‘quv markazi mutaxassislarining malakasini oshirishga va o‘zlarining ilk AES qurish loyihalarini amalga oshirayotgan mamlakatlarni texnologik jihatdan qo‘llab-quvvatlashga zamin yaratadi. Eslatib o‘tamiz, agentlik tarkibiga 14 ta arab davlati kiradi: Bahrayn, Misr, Iordaniya, Iroq, Yaman, Quvayt, Livan, Liviya, Mavritaniya, Falastin, Saudiya Arabistoni, Sudan, Suriya va Tunis.

Kelajakdagi tadqiqotlarni shakllantirish ishlari davom etmoqda. Jumladan, 2025-yil sentyabr oyida MBIR negizidagi Xalqaro tadqiqotlar markazining maslahat kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda 15 mamlakatning ilmiy markazlari va sohaviy tashkilotlari vakillari qo‘shma tadqiqotlar yo‘nalishlari, tajriba dasturlari hamda atom sanoati uchun mutaxassislar tayyorlash masalalarini muhokama qildilar.

MAGATE ma’lumotlariga ko‘ra, dunyodagi tadqiqot reaktorlarining aksariyati 1960–1970-yillarda qurilgan. Hozirda ularning ikki yuzdan ortig‘i faoliyat yuritmoqda. Dunyodagi mavjud tadqiqot reaktorlarining yarmidan ko‘pi 40 yoshdan oshgan, ularning qariyb 70 foizi esa 30 yoshdan kattadir. Shu bois, yangi va qudratli reaktor bo‘lgan MBIR Rossiya hamda uning hamkorlarining atom fani sohasidagi ortib borayotgan ehtiyojlarini eng yaxshi tarzda qondirishi shubhasiz.